“Zamondosh” qayta ta’mirlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2023 yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida har bir shahar va tumanda kinozal, kutubxona, turli to‘garaklarni o‘zida jamlagan madaniyat markazini barpo etish, hududlarda madaniy tadbirlarni muntazam tashkillashtirish va yoshlarni san’atga jalb qilish bo‘yicha qator tavsiya va topshiriqlar berilgan edi.
Bu borada Buxoro viloyatida ham keng ko‘lamli chora-tadbir va loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Buxoro shahri “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritib kelgan 4-sonli “Zamondosh” madaniyat markazi mahalliy byudjet mablag‘i hisobidan qayta ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirilgani fikrimiz dalilidir.

Markazda ikki mingtadan ziyod kitob fondi mavjud. Shuningdek, kutubxona, o‘smirlar va bolalar uchun kinofilm va multfilmlar namoyish etiladigan kinozal, milliy kashtachilik, an’anaviy qo‘shiqchilik va maqom ijrosi, tasviriy san’at va rasm, cholg‘u ijrochiligi va musiqa nazariyasi, dutorchilar va zarb doirachilar to‘garaklari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.

Madaniyat markazini foydalanishga topshirish tadbirida Madaniyat vazirining o‘rinbosari Yusufjon Usmonov, viloyat hokimi o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov, Buxoro shahar hokimi Qurbon Ibragimov, shuningdek, jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari hamda o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar mazkur madaniyat maskani hudud aholisi, jumladan, yoshlar o‘rtasida madaniyat va san’atni keng targ‘ib etish, iste’dodli yigit-qizlarni tarbiyalab yetishtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.