Zamonaviy kasb-hunar sirlarini o‘rganib
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, “Digital Generation Uzbekistan” NNM, “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamda “Kasbiy ta’lim va pedagogik mahorat” Nodavlat ta’lim muassasasi tomonidan “Raqamli avlod” inklyuziv o‘quv markazi o‘quvchilarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va zamonaviy iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan raqamli bilimlar darajasini oshirish hamda zamonaviy kasb-hunarga tayyorlash maqsadida tashkil etilgan.
Unda 101, 102, 106- kar-soqov va eshitish qobiliyati zaif bo‘lgan bolalar maktab internatlarining yuqori sinf o‘quvchilariga “Raqamli avlod” hamda “Zamin Education” loyihalari doirasida IT yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy kasb-hunar, kasbiy ta’lim berildi. Ushbu kursni muvaffaqiyatli bitirgan 185 nafar yuqori sinf o‘quvchilari sertifikat bilan taqdirlandi.
– Bolalarga kasbiy ta’lim berishda zamonaviy, hozirgi kunda talab katta bo‘lgan yo‘nalishlarga asosiy e’tibor qaratildi, – dedi “Raqamli avlod” inklyuziv o‘quv markazi rahbari Azamat Jalolov. – Kelgusida bitiruvchilarni Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda bandligini ta’minlash bo‘yicha ham ish olib borishni rejalashtirganmiz.
Surdo-pedagog va tarjimon Mohira Shoisayeva bolalarning fikrlari bilan tanishishga yaqindan ko‘mak berdi.
– Men robototexnika bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarida tahsil oldim, – dedi 106-maxsus maktab-internat o‘quvchisi Sarvar Yusupov. – 3D printerda o‘z ishlanmalarimni yasadim. Hozir ishlab chiqarish korxonalarida faoliyat ko‘rsata olaman. Kelgusida bu sohada bilimlarimni yanada boyitishni maqsad qilganman.
O‘quvchilar foto va video bilan ishlash, mexatronik tizimlarni o‘rnatish, dasturlash va ishga tushirish, konstruktorlash va 3D modellashtirish, kompyuter tizimlari, komplekslariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash (AKT texnigi) kurslarini tamomladi.
O‘quv kursi davomida o‘quvchilar uchun oraliq testlar ham bo‘lib o‘tdi. Darslar yakunida, ishtirokchilar yakuniy imtihonda ishtirok etishdi hamda o‘z bilimlarini namoyon qilishdi.
Ushbu mahorat darslari 2023 yilning oktyabridan joriy yilning may oyiiga qadar davom etdi. Mazkur loyiha ilk bor tashkil etilmoqda.
Unda tajribali xalqaro va mahalliy mutaxassislar o‘z bilimlarini o‘quvchilar bilan bo‘lishdi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA