Zamonaviy kamondan otish majmuasi foydalanishga topshirildi
Guliston shahrida sport infratuzilmasi yana bir zamonaviy inshoot bilan boyidi. “Buyuk kelajak” mahallasida joylashgan Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi qoshida zamonaviy kamondan otish majmuasi foydalanishga topshirildi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi keng nishonlanayotgan ayni kunlarda ishga tushirilgan mazkur majmua kamondan otish sporti bilan shug‘ullanuvchi yoshlar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanadi. Bu yerda sportchilar muntazam mashg‘ulot o‘tkazib, mahoratini oshirish, musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish imkoniga ega bo‘lishadi. Ayniqsa, iqtidorli yoshlarni erta aniqlash, ularni saralash va katta sportga yo‘naltirishda majmuaning ahamiyati katta.
Loyiha Davlat dasturi asosida ajratilgan 2,4 milliard so‘m mablag‘ hisobidan amalga oshirildi. Zamonaviy talablar asosida barpo etilgan yangi inshoot Sirdaryoda kamondan otish sportini rivojlantirish, sportchilar uchun munosib mashg‘ulot sharoitlarini yaratish va yangi iste’dodlarni kashf etishga xizmat qiladi.
[gallery-31255]
Kamondan otish — aniqlik va diqqatni, sabr va matonatni talab qiladigan sport turi. Nishonga qarata otilgan har bir o‘q ortida sportchining mashqi, irodasi va o‘z ustidagi mehnati mujassam. Yangi majmuada yaratilgan sharoitlar ana shu mashaqqatli mehnat samaradorligini oshirish, sportchilarni yuqori natijalar sari ruhlantirish uchun muhim omil bo‘ladi.
Bugun yurtimizda yoshlarni sportga keng jalb etish, olimpiya va paralimpiya sport turlarini ommalashtirish, ular uchun zamonaviy mashg‘ulot bazasini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-iyundagi “Kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatida ham sport ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Gulistonda barpo etilgan kamondan otish majmuasi ana shu sa’y-harakatlarning yana bir amaliy natijasi bo‘ldi. Eng muhimi, bu yerda bugun mashq qilayotgan yoshlar ertaga respublika va xalqaro musobaqalarda Sirdaryo sharafini munosib himoya qilishi uchun mustahkam poydevor yaratildi.
Yangi majmuaning ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev, Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘i Nizomiddin Abduvaliyev, viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov, MOQ Sirdaryo viloyati ijrochi direktori Bahodirxo‘ja Eshonov, nuroniylar, sportchilar va soha vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda mamlakatimizda sportni ommalashtirish, yoshlarni sportga keng jalb etish, olimpiya va paralimpiya sport turlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr almashildi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA