Zamonaviy jahon turizm bozori va unda O‘zbekistonning tutgan o‘rni
Turizm sohasi jahon iqtisodiyotining eng tez sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan va serdaromad sohalaridan biriga aylanib bormoqda, uning jahon bo‘yicha yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 10 foizni, jahon eksportining 7 foizini, xizmatlar eksportining 30 foizini, yaratilayotgan har 10 ta ish joyining 1 tasini tashkil qilmoqda. Butunjahon turizm tashkiloti (UN Tourism) tomonidan berilgan ma’lumotlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, xalqaro turizm bozorida 2026-yilning birinchi choragida xalqaro turistlarning davlatlar bo‘ylab tashrifi ikki foizga oshgan. Ushbu ko‘rsatkich Yaqin Sharqdagi inqiroz sabab yuzaga kelgan salbiy ta’sirlarga qaramay qayd etilgan. 2026-yilning birinchi choragida 307 million nafar turist xalqaro sayohatni amalga oshirib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 6 million nafarga ko‘pdir.
Dunyoning eng yirik turizm mintaqasi hisoblangan Yevropaga 2026-yilning birinchi choragida 130 milliondan ortiq xalqaro turist tashrif buyurib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4 foizga oshgan.
Afrikada ham xalqaro tashriflar soni birinchi chorakda 4 foizga oshgan. Xususan, Shimoliy Afrikada turistlar oqimi 4 foizga ko‘paygan bo‘lsa, Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika mamlakatlarida ham shu davrda 4 foizlik o‘sish qayd etilgan.
Osiyo va Tinch okeani mintaqasida birinchi chorak yakunlariga ko‘ra 3 foizlik o‘sish kuzatilgan. Biroq ayrim yo‘nalishlardagi turlicha natijalar tufayli bu ko‘rsatkich kutilganidan biroz past bo‘lgan. Amerika qit’asida xalqaro turistlar soni 2 foizga oshib, Markaziy Amerikada kuchli o‘sish (+18 foiz), Janubiy Amerikada esa aksincha 1 foizlik pasayish qayd etilgan. Yaqin Sharqda esa mojaro ta’siri natijasida xalqaro turistlar tashrifi keskin tushib ketgan.
BMT Turizm tashkilotining (World Tourizm Barometer) so‘nggi tahliliy ma’lumotlariga ko‘ra, yuqori o‘sish qayd etilgan davlatlar orasida Paragvay (+46 foiz), Yangi Kaledoniya (+45 foiz), Salvador (+43 foiz), Mongoliya (+39 foiz), Palau (+37 foiz), O‘zbekiston (+37 foiz), Tonga (+25 foiz), Angliya (+25 foiz), Irlandiya (+24 foiz) va Bruney (+23 foiz) kabi davlatlar o‘rin olgan. Eng quvonarlisi, O‘zbekiston Respublikasi ham 2026-yilning dastlabki uch oyida xorijiy sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha dunyoda eng yuqori o‘sish qayd etilgan TOP-5 davlat qatoriga kirgan. Yuqoridagi ma’lumotlardan jahon turizm bozorida raqobatning kuchayib borayotganligini ko‘rishimiz mumkin.
Jahon turizmidagi bu o‘zgarishlarni hisobga olgan holda mamlakatimizda ham turizm sohasini tubdan isloh qilishga, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini oshirishga, xorijdan keladigan sayyohlar oqimini oshirishga, bu borada me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Qolaversa, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda turizm sohasini rivojlantirish maqsadida davlat tomonidan bir qator ustuvor vazifalar belgilangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida O‘zbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirish belgilangan. Bunda 2030-yilga kelib, mamlakatimizda turizm sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga, turizm xizmatlari eksportini 6 milliard dollarga, mamlakatimizga tashrif buyuradigan xorijiy turistlar yillik sonini 20 million nafarga yetkazish, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida ichki sayyohlarning respublika bo‘ylab 25 millionta safarlarini amalga oshirish, xususiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga turizm klasterlari sonini 25 taga yetkazish kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi “Hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va sohada loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Ushbu qarorga asosan hududlarda turizm infratuzilmasini kompleks rivojlantirish, turizm sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish belgilangan. Bunda asosiy maqsad qilib, turizm va unga yondash sohalarda 24 mingta yangi ish o‘rni yaratish hamda 16 mingta ish o‘rinlarini soyadan chiqarish orqali 40 mingta ish o‘rnini tashkil etish, sohani loyihaviy boshqaruv tizimiga o‘tkazish orqali 31 ta turizm ob’ektini tashkil etish va rivojlantirish, joylashtirish vositalari sonini 8250 taga, ulardagi xonalar sonini 95 mingtaga, shundan mehmonxonalar sonini 1380 taga hamda ulardagi xonalar sonini 45 mingtaga yetkazish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasida ushbu topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida qator ishlar olib borilmoqda, Jumladan, Turizm qo‘mitasi rahbariyati tomonidan 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan Turizmni rivojlantirish strategiyasi hamda sohani uzoq muddatli taraqqiy ettirish modeli muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuvlar, tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda, unda tadbirkorlar, turizm va mehmonxona biznesi vakillari, ilmiy doira vakillari, soha ekspertlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda, bunda mamlakatda turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, sohadagi mavjud imkoniyatlar, dolzarb muammolar va istiqbolli takliflar atroflicha muhokama qilinib, asosan ishtirokchilarning fikr-mulohazalari muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlanmoqda. Tadbirlarda qayd etilishicha, davlat rahbari tomonidan turizm sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish hamda hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirishga katta e’tibor qaratilgan.
Olib borilayotgan sa’y-harakatlarning natijalarini tahlil qiladigan bo‘lsak, Respublikamizga 2026 yilning 6 oyi mobaynida jami 6,6 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu 2025 yilning mos davridagi 5,3 million nafarga nisbatan 1,3 million nafarga ko‘p bo‘lib, 125 foiz o‘sish sur’ati qayd etilgan.
Qo‘shni davlatlardan va MDH mamlakatlaridan tashrif buyurgan sayyohlar soni 2025 yilning mos davriga nisbatan 1,2 barobar oshgan bo‘lsa, uzoq xorij davlatlaridan tashrif buyurganlar 1,5 barobarga oshgan.
Davlatlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, Xitoydan o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 barobarga (+148,5 ming), Malayziyadan 1,9 barobarga (+4,1 ming), Yaponiyadan 1,6 barobarga (+6,9 ming), Rossiyadan 1,4 barobarga (+155 ming), AQSH (+5,3 ming), Germaniya (+4,9 ming) va Fransiyadan (+3,4 ming) 1,3 barobarga, Britaniyadan (+2,2 ming) 19 foizga va Turkiyadan (+14,7 ming) 18 foizga ko‘p sayyohlar tashrif buyurgan.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida aholining hududlarga 13,455 million tashriflari amalga oshirilgan.
2026 yilning yanvar oyining birinchi dekadasi va mart oyining uchinchi dekadasida – “Yoshlar turizmi haftaligi” tadbirlari o‘tkazildi.
Hududlarda 595 ta joylashtirish vositalari, jumladan, 90 ta mehmonxona, 271 ta oilaviy mehmon uyi, 159 ta xostellar va 75 ta boshqa joylashtirish vositalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, joylashtirish vositalarining soni 7 364 taga, o‘rinlar soni 202,3 mingtaga yetgan.
Ushbu davrda turistlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi 379 ta yangi turistik tashkilot va turagentlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida ularning soni 4 768 tani tashkil etmoqda.
Xorijiy sayyohlarni keng jalb qilish maqsadida 2026 yil davomida 6 ta qishloqqa “turizm qishlog‘i” maqomi berilgan va hozirda ularning umumiy soni 48 taga yetgan.
O‘zbekistonning turizm salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, mamlakatimiz turistik yo‘nalishlarini global raqamli platformalarda faol reklama qilish hamda sayyohlar oqimini oshirish maqsadida yetakchi xorijiy media kompaniyalari va internet platformalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida AQSHning “Expedia Group” kompaniyasi (130 milliongacha oylik global foydalanuvchi), Ispaniyaning “Amadeus” kompaniyasi
(90 mingdan ortiq turizm kompaniyalari va agentliklari foydalanuvchilari), Xitoyning “Trip.com” internet platformasi (400 milliondan ortiq oylik faol foydalanuvchi) bilan dastlabki kelishuvlarga erishilgan.
O‘zbekistonning turizm salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, mamlakatimizning turistik yo‘nalishlari, madaniy merosi hamda zamonaviy infratuzilmasini xorijiy auditoriyaga keng tanishtirish maqsadida xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari va taniqli blogerlar uchun mamlakatimiz bo‘ylab info va press-turlar tashkil etilmoqda.
Umuman olganda mamlakatimizga kelayotgan sayyohlarning oqimini oshirish, milliy turizmni jahon turizm bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, turizm turlarini kengaytirish muhim ahamiyatga egadir. O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurayotgan sayyohlarning asosiy qismi tarixiy-madaniy turizm, ya’ni tarixiy shaharlar, obidalar, madaniy meros ob’ektlari va ziyoratgohlarga kelayotganligini alohida ta’kidlab o‘tish maqsadga muvofiq. Tarixiy-madaniy turizmning turi mavsumiylikka bog‘liqligi hamda tashrif buyurayotgan sayyohlarning asosiy qismi nafaqa yoshida ekanligi sababli, yoshlarni ham keng jalb qilish maqsadida turizmning boshqa turlarini, ya’ni MICE, tibbiy, ta’lim, sog‘lomlashtirish, ziyorat, ekologik, agrar, gastronomik, etnografik, tog‘ turizmi kabi turlarini ham rivojlantirish, shuningdek asosan hududlarda turizm sohasini keng rivojlantirish, sayyohlarning oqimi past hududlarda yangi turizm klasterlari va sog‘lomlashtirish majmualarini tashkil etish, madaniy meros ob’ektlarini raqamlashtirish, sohada ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga joriy qilishning samarali mexanizmini tadbiq etish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Alisher Eshtayev,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
iqtisodiyot fanlari
doktori (DsC), professor.