Zamonaviy ilmiy-tekshirish laboratoriya markazi ishga tushdi
Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yillik bayrami arafasida Andijon davlat tibbiyot institutida zamonaviy ilmiy-tekshirish laboratoriya markazi hamda vivariy foydalanishga topshirildi.
Zamonaviy laboratoriyaning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar tomonidan mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalari uchun moslashtirilgan yangi binolar qurish, ularni ilg‘or va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, shifokorlar bilim va malakasini oshirish, kasalliklarni aniqlash va davolashda ilg‘or tajriba va zamonaviy tibbiy jihozlardan keng foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, keng ko‘lamli ishlar natijasida tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va saviyasi yildan-yilga ortib bormoqda. Andijon davlat tibbiyot institutida ishga tushirilgan zamonaviy ilmiy-tekshirish laboratoriya markazi va vivariy ham ana shu yo‘nalishdagi ishlar, islohotlarning samarasidir.
Markazning foydalanishga topshirilishi institutda tibbiy ta’lim, ilm-fan va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, zamonaviy laboratoriya diagnostikasi imkoniyatlarini kengaytirish hamda ilmiy salohiyatni yanada oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
[gallery-31118]
Markazni barpo etish uchun 18 milliard so‘m, uni zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash uchun 1,7 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
To‘rt qavatli zamonaviy binoda laboratoriya xonalari bilan bir qatorda vivariy bo‘limi ham tashkil etilgan. Bu yerda gematologik, biokimyoviy, immunologik, genetik, toksikofarmakologik va morfologik tadqiqotlarni amalga oshirish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
Shuningdek, Markazda zamonaviy gematologik va biokimyoviy analizatorlar, koagulyatsiya tizimlari, immunologik tekshiruv uskunalari, real-time PCR tizimi, sentrifugalar hamda biologik materiallarni saqlash uchun maxsus laboratoriya jihozlari o‘rnatilgan.
— Markazning asosiy vazifasi — laboratoriya tahlillarini amalga oshirish bilan bir qatorda, ilmiy tadqiqotlar, innovatsion loyihalar, tajriba-sinov ishlari va yosh olimlarni tayyorlash uchun zamonaviy ilmiy baza yaratishdan iborat, — deydi Markaz rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi Noxidbek Qodirov. — Shuningdek, bu yerda PhD talabgorlari, doktorantlar, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun zamonaviy tibbiy-biologik tadqiqotlar olib borish, mikroskopik va morfologik tekshiruvlar o‘tkazish hamda laboratoriyada ilmiy izlanishlar olib borish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.
Kelgusida laboratoriya jarayonlarini raqamlashtirish, LIS/LIMS tizimlarini joriy etish, avtomatlashtirish darajasini oshirish va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali tadqiqotlarning tezligi, aniqligi va sifatini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.
Yangi markazning ishga tushirilishi Andijon davlat tibbiyot institutining ilmiy salohiyatini yuksaltirish, zamonaviy tibbiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish va yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kelgusida mazkur markaz nafaqat institut, balki Farg‘ona vodiysida tibbiyot ilmi va amaliyoti rivojiga xizmat qiladigan yirik ilmiy-tadqiqot maskanlaridan biriga aylanadi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari