Zahmatkash adibning umr manzillari
Shoir va yozuvchilar hayoti, ularning mashaqqatli ijod yo‘li, asarlarining tug‘ilishi tarixi kitobxonlar uchun g‘oyat qiziqarlidir. Bu jihat o‘quvchilarni milliy adabiyotimizga bo‘lgan havasi va hurmatini,ehtiromini yanada yuksaltirishda asosiy omillardan biri sanaladi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida «Do‘stlik» ordeni sohibi, taniqli adib Farid Usmon tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan «Umr manzillari» nomli adabiy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Adabiyot ahli, ijodkorlar, olimlar va ma’naviyat fidoyilari ishtirok etgan tadbirda Farid Usmonning sermazmun hayot yo‘li va ko‘p qirrali ijodiy faoliyati, uning milliy adabiyotimiz hamda madaniyatimiz rivojiga qo‘shgan munosib hissasi haqida so‘z yuritildi.

«Umr manzillari» nomi bilan o‘tkazilgan uchrashuv adibning ijodiy merosi, hayot saboqlari va adabiyotga sadoqatini yana bir bor yodga soldi. Farid Usmon o‘z ijodi orqali inson qalbi, davr nafasi va ma’naviy qadriyatlarni badiiy talqin etishga intilib kelgan ijodkor sifatida adabiyot ixlosmandlari xotirasida munosib o‘rin egallagan.

Tadbir davomida adibning ijodiy izlanishlari, adabiy jarayondagi o‘rni, hamkasblari va zamondoshlari bilan munosabatlari, ustoz-shogird an’analari haqida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, adabiyotshunos olimlar Abdulla A’zam, Rahmon Qo‘chqor, ustoz jurnalist, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev va boshqa ijodkorlar batafsil fikr bildirdilar.

Farid Usmonning adabiyot va madaniyat sohasidagi faoliyati, inson va ijodkor sifatidagi fazilatlari turli nuqtai nazarlar asosida yoritildi.
Uchrashuvda akademiklar, ustoz adabiyotshunoslar, yozuvchi va shoirlar Farid Usmonning ijodiy merosi, adabiy muhitdagi o‘rni va inson sifatidagi ibratli jihatlari haqida fikr-mulohazalarini bildirdi. Ijodkorning «Umid gulzori», «Sadoqat», «Navosiz navo», «Qadr kechasi», «Ul qaro ko‘z bo‘lmasa», «Jon qushi» kabi she’riy to‘plamlari hamda «Husn devoni» kabi kitoblari o‘z muxlislariga ega ekani e’tirof etildi.

So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, ijodkor umri yillar bilan emas, adabiyot va xalq ma’naviyatiga qo‘shgan hissasi, qoldirgan ezgu izi va asarlarining umri bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda, «Umr manzillari» uchrashuvi Farid Usmonning 80 yillik hayot va ijod yo‘lini sarhisob qilish barobarida, uning adabiyotimizda qoldirgan ma’naviy merosini chuqur o‘rganishga va qadrlashga xizmat qildi.

Tadbir samimiy suhbatlar va adabiyot haqidagi mushtarak mulohazalar bilan davom etdi. Adabiy kechada adibga Yozuvchilar uyushmasi hamda mehmonlarning esdalik sovg‘alari topshirildi.
N.Usmonova, O‘zA