Yuz-jag‘ sohasi jarrohlari Koreyada malaka oshirmoqda
Mana besh yildan ziyod vaqt mobaynida tibbiyot sohasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Malakali kadrlar tayyorlash, soha xodimlarining malakasini oshirish, kadrlar taqchilligini bartaraf etishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.Tibbiyot xodimlarining chet elda malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi va ta’lim olishi uchun keng sharoitlar yaratib berilmoqda.
Ayni kunlarda Toshkent davlat stomatologiya institutining 4 nafar yosh yuz-jag‘ jarrohi Koreya respublikasida malaka oshirmoqda. Dunyoda nufuzli hisoblangan top-100 talikka kiruvchi (dunyo tan oluvchi QS reytingda 97 o‘rinda) Koreyaning Sungyunkwan universiteti qoshidagi “Seoul Medical Center” mutaxassislari tajribasini o‘rganmoqda.

Safar jarayonida yosh jarrohlar tibbiyot sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlabgina qolmay, tibbiyot OTMlari faoliyati, o‘quv jarayonlari bilan tanishmoqda.
Shuningdek, ular kuni kecha Seul shahrida joylashgan Samsung tibbiyot markazida amalga oshirilgan murakkab jarrohlik amaliyotlarida ishtirok etdi. Ya’ni birinchi bosqichda pastki jag‘ rezeksiyasi, so‘ngra fibula va titan plastinalar orqali pastki jag‘ uzluksizligini tiklash amaliyoti bajarildi. Ikkinchi bosqichda titan plastinalarni olish, uchinchi bosqichda esa implantatsiya yordamida bemorni reabilitatsiya qilish amaliyotlarida qatnashdi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA