“Yurtim qadriyatlari” ko‘rik tanlovi g‘oliblari ma’lum bo‘ldi
Har bir millatning qudrati uning ildiziga, ming yillar davomida shakllangan qadriyatlariga borib taqaladi. Xalqlarning etnik sostavi pasport vazifasini o‘tashini folklorshunos olimlar ham bot-bot yozishgan. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Vatanimizning ikkita o‘q ildizi bor. Biri iqtisodiyot bo‘lsa, ikkinchisi ma’naviyat”.
Darhaqiqat, ma’naviyatli millatning ertanggi yo‘li charog‘on bo‘lishi kafolatlangan. Ma’naviyat yuksakligi esa qadriyatlar va azaliy an’analarning tirikligi bilan baholanadi. Shuning uchun ham shiddat bilan ongimizga texnologiyaning ta’siri kuchayib borayotgan bir paytda kelajak avlodga, yoshlarimiz tafakkuriga millatimizga xos bo‘lgan qadriyatlarni singdirish g‘oyat muhim.
Shu maqsadda, Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tomonidan “Yurtim qadriyatlari” respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. Tanlovning bu mavsumi ham qizg‘in tus oldi. 230 ta oliy ta’lim tashkilotlari ishtirok etgan mazkur tanlov ko‘plab iste’dodlar kashf etilishiga zamin yaratdi.
Quvonarlisi shuki, garchand, boshqa sohada bo‘lsa-da, yoshlarning milliy musiqamiz va folklorimizga nisbatan ishtiyoqi yuqori ekanligi namoyon bo‘ldi. Xususan, oliygoh talabalarining milliy cholg‘u asboblarimizni mahorat bilan chalayotgani soha mutaxassislari bo‘lgan hakamlarni ham hayratlantirdi.
Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Yurtim qadriyatlari” ko‘rik tanlovining bu mavsumdagi g‘oliblari ham aniq bo‘ldi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘tkazilgan mazkur tanlovning finalida eng kuchli 6 ta oliygoh jamoasi ishtirok etdi.

Jamoalar uchta shart bo‘yicha qizg‘in va murosasiz bahs olib bordi. Yakunda har bir o‘ringa ikkitadan jamoa munosib ko‘rildi. Buni hakamlar yuqori darajadagi tayyorgarlik va do‘stona muhit natijasi deb baholadi.
Buxoro davlat tibbiyot instituti hamda Urganch innovatsion universiteti birinchi o‘rinlarni, Toshkent davlat yuridik universiteti va Namangan davlat pedagogika instituti ikkinchi o‘rinlarni egalladi. Shuningdek, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali uchinchi o‘rinlarga ega chiqdi.
G‘oliblar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan birinchi, ikkinchi va uchinchi darajali diplom va mos ravishda 1-o‘rin 50 million so‘m, 2-o‘rin 30 million so‘m va 3-o‘rin 20 million so‘m pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Taqdirlash marosimida diplom va vaucherlarni jamoalarga Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi direktori Abdumalik Akramov topshirdi.
Sherbek Islomov, O‘zA