Yurakka intilgan oʻq
Otilgan oʻq yurakka intildi… Tarixda bu toʻgʻrida koʻp narsalarni oʻqigan edim, kinolarda yurakka qadalgan sadoq oʻqlari bilan sanchilgan nayzalar va qilichlarni koʻrganmiz, lekin 1944-yilning 17-sentyabrida tanaga qadalgan oʻq qariyb qirq yildan soʻng yurakka intilib, uni toʻxtatadi, deb oʻylamaganman.
(esse)
Otilgan oʻq yurakka intildi… Tarixda bu toʻgʻrida koʻp narsalarni oʻqigan edim, kinolarda yurakka qadalgan sadoq oʻqlari bilan sanchilgan nayzalar va qilichlarni koʻrganmiz, lekin 1944-yilning 17-sentyabrida tanaga qadalgan oʻq qariyb qirq yildan soʻng yurakka intilib, uni toʻxtatadi, deb oʻylamaganman. Urush koʻrmagan avlod buni tasavvur qilishi qiyin.
Xoʻjabek ogʻa 1943-yili Toʻrtkoʻl tumanidagi Shoʻroxon ovulidan urushga otlanganida moʻylovi endi sabza ura boshlagan 17 yoshli oʻspirin edi. U Xiva, Fargʻona shaharlarida tayyorgalikdan oʻtib, oʻsha yili kuzda 4-Ukraina frontida Ternopol ostonasida fashistlar bilan yuzma-yuz toʻqnash keldi.
Xoʻjabek urushga ayni avjiga chiqqan paytida qoʻshildi, ikki marta yaralandi ham. Uning jangu jadallar bilan bogʻliq hayot yoʻlini koʻzdan kechirsangiz, Yevropa va Osiyoning joʻgʻrofiy xaritasini yana bir varaqlab chiqishga toʻgʻri keladi. Bessarabiya, Karpat togʻlari, Chexoslovakiya, Polsha, Krakov, Kvantun fronti, Kuril orollari, Chukotka, Anadыr…
Yapon militarizmi tahdidlarini bostirish ham oʻsha katta urushning davomi edi. Bunday qarasangiz, tarixda hech qachon adolatli janglar boʻlmagan. Katta urushlar ham ikki rahbardan birining zoʻrligini koʻrsatish va yana allaqanday manfaatlar yoʻlidagi oddiy murosasizlikdan boshlanganligini koʻramiz.
Urush haq bilan nohaqning farqini qoldirmaydi. Inson hayotiga zomin boʻluvchi oʻq — qoʻrgʻoshin Xoʻjabek ogʻaning tanasiga qariyb qirq yil muqaddam qadalsa ham, u tinch yotmadi, vujudini ogʻritib, doimo yurak tomon intilaverdi va nihoyat 1981-yili 26-iyul kuni uni urishdan toʻxtatdi.
Xoʻjabek ogʻaning hayot paytlari koʻp suhbatini olganman. Lekin u kishi urushni xotirlashni xoʻsh koʻrmas edi, ichki ishlar xizmatida bezorilar bilan kurashib oʻtgan faoliyatini koʻp eslardi.
“Ichki dushman tashqaridan kelgan yovdan yomon boʻladi. Tashqi dushman bilan duch kelsangiz, u oldingizdan koʻrinib keladi, ichki dushman esa orqangizdan otadi… Ernazar botirni eslang, unga oʻq uzgan ablah ham uning ovuldoshi, qavmdoshi edi…” derdi Xoʻjabek ogʻa.
Ogʻa oʻz oʻgʻil-qizlarini xalqiga sadoqatlik ruhida tarbiyaladi. Katta oʻgʻli Ikrombek Serjanov ota yoʻlidan borib, ichki ishlar xizmatida masʼul vazifalarda ishladi. Hozir Orolboʻyida Serjanovlar sulolasini deyarli koʻpchilik biladi.
Bugun ushbu sulolaga mansub odamlar ishlamaydigan bironta soha boʻlmasa kerak. Sababi, Shoʻroxon ovuli va undan tashqarida 200 ta oila Serjanovlar sulolasiga mansub.
Shu yerda Ikrombekning Toʻrtkoʻl tumani ichki ishlar boʻlimiga rahbarlik qilgan yillari narkotrafik yoʻllari kesishmasida joylashgan bu hududda bironta giyohvand qolmaganini eslatmoqchiman. Chunki otaning maktabini oʻtgan oʻgʻil Miskin postida oʻsha narkofurushlar xoʻjayinlari bilan oʻzi qoʻliga qurol olib otishganini bilaman.
Asosiy gapga qaytsak, gʻalabaga toʻqqiz oy qolganida tanasiga qadalgan oʻq bir mard oʻgʻlonning taqdirini belgiladi. Endi Serjanovlar sulolasining katta dasturxoni atrofida toʻqson yoshni qarshi olishi mumkin boʻlgan qadrdon bobosi yoʻq. Biroq Xoʻjabek ogʻaning chirogʻi ham, xotirasi ham oʻchmaydi. Ezgu ishlarini avlodlari davom ettiradi. Yaxshidan qolgan iz shu!
Oʻrozboy Abdurahmanov,
Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi.