Yurakdan yurakka mehr ulashib
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni
Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida “Yurakdan yurakka” nomli inklyuziv ko‘rgazma ochildi. Tadbirda imkoniyati cheklangan shaxslar, shuningdek, viloyatdagi maxsus internat muassasalari tarbiyalanuvchilari tomonidan yaratilgan ijodiy ishlar namoyish etilmoqda.

Ular tomonidan tayyorlangan rasmlar, qo‘lda ishlangan buyumlar, hunarmandchilik mahsulotlari va dekorativ san’at namunalari savdosi ham tashkil etilgan. Ko‘rgazma nafaqat iste’dod egalari uchun o‘z ijodini namoyon etish imkonini beradi, balki jamiyatda inklyuzivlikni qo‘llab-quvvatlash, mehr-oqibat va e’tibor ruhini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.

Tadbirda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ham ishtirok etib, yosh iste’dod egalari tayyorlagan ijod namunalaridan xarid qildi. Asosiy maqsad jamiyatimizda “Inson qadri uchun” g‘oya asosida har bir insonning yuragiga kirib borishdir. Shundan so‘ng xayriya aksiyasi e’lon qilindi. Unda Toshkent viloyati bojxonachilari ham mazkur xayrli savdolarda faol ishtirok etdi.


– Biz ham yoshlarning ijodiy ishlaridan xarid qilish orqali nafaqat ularni qo‘llab-quvvatladik, balki nogironligi bo‘lgan insonlarga bo‘lgan hurmat va e’tiborimizni namoyon etdik, – deydi Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimi Aziz Yunusov. – Tarbiyalanuvchilar tomonidan ishlangan rasmlar va qo‘l mehnati bilan tayyorlangan suvenirlar juda ta’sirli. Inklyuziv jamiyatni shakllantirish faqat davlat idoralari emas, balki har bir fuqaroning burchi. Tashkil etilayotgan bu kabi aksiya va tashabbuslardan tushgan mablag‘lar joylardagi nogironligi bo‘lgan fuqarolarning sog‘lig‘ini tiklash, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash kabi xayrli ishlarga yo‘naltiriladi.
A.Musayev, A. Alijonov,(surat) O‘zA.