Yuragida Vatan ishqi bor yoshlar yuksak marralarga intilaveradi!
Prezident bilan muloqotdan so‘ng...
Toshkentdagi muhtasham Olimpiya shaharchasi 30-iyun kuni cheksiz quvvat va yoshlik shiddati bilan to‘ldi. Bu yerda chinakam iste’dodlar, yuragi Vatan deb urgan, o‘z sohasida tengsiz yoshlar jam bo‘ldi.
Prezidentimizning farmoni bilan yurtimiz taraqqiyotiga baholi qudrat hissa qo‘shayotgan bir guruh yigit-qizlar “Kelajak bunyodkori” medali hamda “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Tantanada davlatimiz rahbari har bir o‘zbek yoshining yuragida ulkan kuch, beqiyos salohiyat va iqtidor borligini alohida e’tirof etdi. Bu so‘zlar zaldagi har bir yigit-qizning qalbiga qanot bag‘ishlagani aniq. Prezidentimiz mukofotlarni o‘z egalariga topshirar ekan, ko‘zlardagi hayajon va faxr to‘lqini butun davrani qamrab oldi.
Ana shunday sharafli daqiqalarni qalbidan o‘tkazgan, xalq tili bilan aytganda, Vatanning asl mard o‘g‘lonlaridan biri Milliy gvardiya harbiy qism otryad mutaxassisi Javohir Abduholiqov bo‘ldi. Uning nigohlaridagi qat’iyat va yuzidagi samimiy tabassum davlatning yuksak ishonchiga sazovor bo‘lgan yigitning haqiqiy qiyofasini ko‘rsatib turardi. Tadbir yakunlangach u bilan suhbatlashdik.
– Yoshlar kuniga bag‘ishlangan bu tantana mening hayotimda o‘chmas iz qoldirdi, – dedi hayajonini yashira olmagan Javohir Abduholiqov. – To‘g‘risi, bu kun yurtimiz yoshlari uchun yangi imkoniyatlar, yangi ufqlar eshigini ochdi. Shaxsan Prezidentimiz – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondonining qo‘llaridan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotini qabul qilib olish jarayonini tushuntirib bera olmayman. Bu ta’riflab bo‘lmas baxt va sharaf! O‘sha lahzalardagi hayajonni, qalbimdan o‘tgan faxr tuyg‘usini umrimning oxirigacha unutmasam kerak. Mukofot menga kuch ustiga kuch qo‘shdi. O‘zimga bo‘lgan ishonchimni yanada oshirib, kelgusi maqsadlarim sari ulkan energiya berdi.
Kamtarona xizmatlarimizni shunchalik yuksak baholab, bizga ishonch bildirganlaridan boshimiz ko‘kka yetdi. Bu ishonch to‘xtab qolishga emas, yanada kattaroq marralarni zabt etishga undaydi. Xudo xohlasa, yutuqlarimizni hali bardavom qilamiz.
Shu paytgacha ham jamoamiz bilan xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, yuqori o‘rinlarni egallab kelayotgan edik. Ammo bu e’tirofdan keyin zimmamdagi mas’uliyatni yanada chuqur his qilyapman. Endi marra bundan ham yuksak bo‘ladi.
Milliy gvardiya jamoamiz bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarining Missisipi shtatidagi «Camp Shelby» poligonida o‘tkazilgan nufuzli musobaqada qatnashganmiz. U yerda dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan kelgan sara harbiylar yig‘ilgan edi. O‘sha shiddatli bellashuvlarda jamoamiz yuqori natijalarni ko‘rsatib, o‘zbek askari nimalarga qodirligini amalda isbotlay oldi. Bundan tashqari, yigitlarimiz Xitoy va Turkiyadagi xalqaro musobaqalarda ham faxrli o‘rinlarni egallab qaytishdi.
Shu yilning iyun oyida esa Belarusda o‘tgan xalqaro taktik o‘q otish musobaqasida ishtirok etdik. Salkam 30 dan ortiq eng kuchli jamoalar orasida faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdik. Bilasizmi, o‘sha lahzalarda ko‘kda yurtimiz bayrog‘i hilpirab turganini ko‘rish odamga shunday g‘urur bag‘ishlaydiki, buni so‘z bilan ta’riflash qiyin.
Xalqaro maydondagi mana shunday muvaffaqiyatlarimiz zamirida, albatta, davlatimiz tomonidan yoshlarga, bizning sohamizga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik yotibdi.
Men bu yuksak mukofotni shaxsan o‘zimniki emas, balki Milliy gvardiya saflarida kechayu kunduz Vatan himoyasida sobit turgan barcha mard va jasur safdoshlarimizga bildirilgan yuksak ishonch deb bilaman. Bu ishonchni oqlash esa biz uchun ham farz, ham sharafli burchdir!
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri