Yuqori mahsuldorlik chorvaning salomatligiga bog‘liq
Chorvachilik sohasida yuqori mahsuldorlikka erishish, avvalo, hayvonlarning salomatligini ta’minlash va ularni turli yuqumli kasalliklardan himoya qilishga bog‘liq.
Shu ma’noda, Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi joylarda turli profilaktik tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, Buxoro viloyatida epizootik osoyishtalikni ta’minlash, hayvonlarning o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarini barvaqt aniqlash hamda ularning kelib chiqishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan kuzgi profilaktik emlash tadbirlarini tizimli tashkil etilgan. Viloyatda jami 125 ta chorva mollarini emlash guruhi tashkil etilib, 329 nafar malakali veterinariya mutaxassislari biriktirildi.
Shuningdek, aholi xonadonlaridagi 1.1 mln bosh qoramol, 1.89 mln bosh qo‘y va echki, dehqon va fermer xo‘jaliklarida parvarishlanayotgan 174 ming qoramol va 1.3 mln bosh qo‘y va echki hamda boshqa turdagi hayvonlar yuqumli kasalliklarga profillaktik emlandi.

Jumladan, 637.8 ming bosh yirik shoxli mol, 724.3 ming bosh mayda shoxli mollar, 20.9 boshqa tur xayvonlar kuydirgiga, 383.7 ming bosh yirik shoxli mol, 480.5 ming bosh mayda shoxli mol oqsilga, 144.7 ming bosh yirik shoxli mol qorason, 466.6 ming bosh yirik shoxli mol nodulyar dermatit, 1.063 mln bosh mayda shoxli mol chechakka, 1.6 ming bosh tuya tuyalar o‘latiga, 51.3 ming bosh it va mushuk quturishga, 135.0 ming bosh parranda mareka va 135.0 ming bosh parranda laringotraxeitga, 280.0 ming bosh parranda la-sota kasalligiga qarshi emlandi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida qishloq xo‘jaligi va uy hayvonlarini yuqumli va parazitar kasalliklaridan himoya qilish maqsadida cho‘l va olis cho‘l massivlarida faoliyat ko‘rsatayotgan chorvachilik xo‘jaliklarining 458 ta otari, 527 ta qo‘sh-qo‘toni hamda 267 ta qirqim ob’ektida birlamchi dezinfeksiya va dezinseksiya tadbirlari o‘tkazildi. Xuddi shunday tadbirlar davomida hududlardagi 18 ta molbozori, 15 ta so‘yish korxonalari to‘liq nazoratga olindi.
Kuzgi emlash tadbirlarida hayvonlarning zoonoz va o‘ta yuqumli kasalliklarini oldini olish bo‘yicha aholi xonadonlarida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Hamroz Bayonov,O‘zA