Yunusobod bozoridagi yigit...
Ramazon oyining oxirgi kuni hayitga bozorlik qilish uchun Yunusobod bozoriga tushdim.
Ibrat
Solih aka ismli shifokor birodarimiz gapirib berdi:
Ramazon oyining oxirgi kuni hayitga bozorlik qilish uchun Yunusobod bozoriga tushdim. Bozor odatdagidek gavjum. Toʻgʻri, karantin davrida biroz susaygan, biroq muborak ayyom sharofati bilan barcha baholi qudrat bozor qilishga chiqqan. Yuzlariga niqob taqqan otaxonlar, onaxonlar, yigitlar, ayollar...
Tartib qatʼiy, ikki eshikdan maxsus davlat xizmatchilari, nazoratchilar, Milliy gvardiya xodimlari bozorga kirayotgan har bir kishini tekshirib oʻtkazyapti. Ammo odamlarning niqob ortidagi chehralarida, gapirayotgan gap-soʻzlarida bayram shukuhi sezilib turibdi. Men ham el qatori katta oʻgʻlim bilan bozorlik qilib chiqdim.
Oʻgʻlim bozorlik solingan xaltalarning ogʻirrogʻini oldi-da, bir-ikkita yengilrogʻini menga qoldirib, huv narigi betda qoldirgan mashinasiga ketdi. U mashinani turar joydan olib, aylanib kelgunicha men daraxt soyasida kutib turdim.
Shu payt bozordan chiqayotgan oltmish yoshlardagi ayolga peshvoz borayotgan yigit eʼtiborimni tortdi. Ayolning qoʻlidagilarni – biznikidek bozorlikni oldi-da, oldinda yurib keta boshladi. “Ona-bola bozor qip yuribdi ekanda,” deb qoʻydim beparvogina. Ammo yonimdan oʻtarkan, beixtiyor ularning qisqa suhbati qulogʻimga eshitildi.
– Ovora boʻldingiz-da, oʻgʻlim!
– Xijolat boʻlmang. Oʻzim ham oʻsha yoqqa ketayotgandim.
– Ogʻirmasmi? – dedi onaxon zildekkina xaltani koʻtarib ketayotgan hojatbaror yigitga.
– Yoʻq-yoʻq...
Har kuni bu bozorda shu onaxon kabi ayollar bozorlik qiladi, kimdir, mana bu yigitga oʻxshaganlar ularga koʻmak beradi. Xudodan umidvor, savobtalab yigitlarimiz ham koʻp – koʻz tegmasin. Xullas, bu munosabat ham odatiy hol.
Ammo besh daqiqacha vaqt oʻtib, yonginamdan kelgan tanish ovoz yana xayolimni boʻldi. Bu boyagi odmigina kiyingan yigitning ovozi edi. U ikkita yelimxalta, besh kilolik idishda yogʻ, tagʻin bir narsalarni koʻtarib borayotgan 35-40 yoshlar orasidagi ayolga koʻmaklashar, juvonning xijolatmand gaplariga boyagidek, “Xijolat boʻlmang. Oʻzim ham oʻsha yoqqa ketayotgandim” qabilida javob berardi.
Yigitga endi jiddiyroq eʼtibor qildim. Chamasi yigirma-yigirma ikki yoshlardagi bu yigitda biror oʻziga xos belgi, deylik, oʻgʻriga yoki hammolga oʻxshash jihatni koʻrmadim. Lekin ichimga shubha kirdi. “Qanaqasiga, shunday aziz kunlarda, birovning narsasini oʻgʻirlashga botinolmas”, deyman ichimda. Qolaversa, oziq-ovqatni yelkalab, gavjum joyda, ortidan qichqirayotgan ayolni yugurtirib ketayotgan oʻgʻrini tasavvurimga sigʻdirolmadim.
Ammo ular mendan olislab, chorrahadan oʻtib borishardi.
Shu payt oʻgʻlim kelib qoldi. U mashinadan tushib men tomon yurar ekan, men ham qoʻzgʻaldim.
Bozorligimizni yukxonaga joylab mashinaga oʻtirarkanman, boya soyalab turgan joyimga qaradim. Oradan nari borsa ikki-uch daqiqa vaqt oʻtgandi. Yana oʻsha yigit, bemalolgina, terlarini artib, men turgan joyda paydo boʻlgandi.
Voajab! Mashinani oʻt oldirayotgan oʻgʻlimning tizzasiga urib, koʻzimni yigitdan olmagan holda, “Toʻxtab tur, bir pas” dedim.
Oʻgʻlim men qaragan tomonga qaragancha, indamay jim qoldi.
Shunda bozordan qariyb keti uzilmay chiqayotgan kishilar orasidan men tengi – oltmishdan oshgan kishi kattagina bozorlikni qoʻshqoʻllab olib chiqdi. Yigit amakiga sezdirmaygina tagʻin oʻz xizmatini taklif qildi. Kimga ham yoqmaydi bunday beminnat yaxshilik. Ular xuddi ota-boladek yonma-yon yoʻlakdan oʻtib ketdi.
Oʻgʻlim tomonga oʻgirildim va shasht bilan dedim:
– Oʻgʻlim, mashinadan tez tush. Huv anavi koʻk koʻylakdagi yigitni koʻrdingmi? Yonida keksa kishi bor. Oʻsha yigitning qayerga borishi, qayerda anov odamdan ajralishini sezdirmay kuzat. Chop-chop...
Oʻgʻlim, tabiiyki, ajablanib savolga chogʻlandi, ammo mening “boʻl-boʻl”lashimdan majbur mashinadan tushdi.
Oradan sakkiz-oʻn daqiqa oʻtdi. Roʻzador kishini bilasiz – peshindan keyin vaqt oʻtmay qolgandek boʻladi. Buyogʻi kun yaxshigina issiq. Xullas, oʻgʻlim terlabgina qaytib kelgunicha boʻlgan muddat menga juda uzoq tuyuldi. Koʻngilga har gap keladi, deng. Oʻzimni soʻkib ham qoʻydim. Oʻgʻlim mashinaga oʻtirdi.
– Qiziqsiz-a, ada, – dedi. – U bola anavi amakining yukini hov tunneldan oʻtkazib, Chilonzorga ketishdagi bekatga oborib qoʻydi. Oʻshangacha bordim. U nimaga kerak boʻlib qoldi sizga, taniysizmi yoki?
Oʻgʻlim gapirib berarkan, mashinasi ham oʻrnidan jildi.
Shu choq men ort oynadan anovi yigitni yana koʻrib qoldim. U yana oʻsha oʻzining xizmat joyiga kelayotgandi. Tirsagim bilan oʻgʻlimni tagʻin turtdim va ishora qildim. Oʻgʻlim oynadan engashib u tomonga qaradi va dedi:
– Iy-ye, boyagi yigit-ku.
– Endi tagʻin bir pas jim turgin. Oʻgʻlimning mashinasi oʻrniga mashinasini qoʻymoqchi boʻlgan kimdir qichqirdi:
– Chiqvossmi, oka?
– Ikki minut, oka, – dedi oʻgʻlim ham feʼlidagi yumshoqlik bilan.
Yoʻq biz ikki daqiqa kutmadik. Haydovchi yigitlar “oka-oka”lashib bir-birlari bilan gaplashib boʻlgunicha mening qahramonim – koʻk koʻylak yigit tagʻin birovning hojatini chiqarishga kirishib ketgandi.
Buni oʻgʻlim ham koʻrdi. U jim edi.
***
Ota-bola u yigitni chaqirib, nega bunday ish qilib yurganini soʻramaganimizni, keyin soʻramay toʻgʻri qilganimizni gaplashgancha, uyga yetdik.
Ammo oʻylab qoldim. Bu yigit kim oʻzi? Nima maqsadda bu ishni qilmoqda? Savob, Ramazon, hayit hurmati, albatta. Bunga izoh shartmas.
Biroq u yigit kim boʻlsa ham oʻzining qoʻlidan keladigan bor imkoniyatni savobga yoʻllagani tahsinga loyiq. Bundan ibrat olsa arziydi.
Notanish birodarlar nomiga gʻoyibdan qilingan duo qabul emish. Ramazon oyining oxirgi oqshomida iftorlikdan soʻng, oilamiz bilan oʻsha notanish yigitning haqqiga duo qildik.
Bu men koʻrgan oddiy, ammo buyuk voqea!