Yunus Emro institutining Toshkent ofisi ochildi
Turkiy dunyo ulamolari o‘z davrida butun jahon xalqlari uchun tafakkur ko‘zgusi bo‘lgan. Ular qoldirgan boy ijodiy meros bugungi kunda ham insoniyatga muhim ma’naviy oziqa bo‘lib xizmat qilmoqda. Mamlakatimizda olib borilayotgan qardosh xalqlar bilan munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan siyosat natijasida tarixiy qudrat tiklanib bormoqda. Ayniqsa, buyuk allomalar xotirasi abadiylashtirilayotgani kelajak avlod uchun ayni muddao.
Qardosh xalqlar do‘stligi ramzi o‘laroq, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Yunus Emro institutining Toshkent ofisi rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir tantanali tus oldi. Dastlab mehmonlar e’tiboriga turk xalqining nafis merosi namunalaridan iborat Tezhip — oltin bezak san’ati ko‘rgazmasi havola etildi. Sharq kitobat madaniyatining ajralmas qismi bo‘lgan ushbu zarhallash san’ati namunalari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbirda Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ufuq Ulutosh, Ozarbayjon Respublikasining elchisi Huseyn Guliyev, Yunus Emro instituti direktori, professor Abdurahmon Ali hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining maslahatchisi Isajon Sulton ishtirok etib, yangi markaz faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov o‘z nutqida mazkur markazni shunchaki til o‘rgatish dargohi emas, balki buyuk Navoiy va Yunus Emro merosini tadqiq etuvchi olimlar, yosh ijodkorlar va ziyolilar uchun erkin muloqot maydoni hamda yangi ilmiy-ta’limiy loyihalar o‘chog‘i sifatida qayd etdi.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda Anqarada Alisher Navoiy haykalining qad ko‘tarishi va Xatay viloyatida “O‘zbekiston mahallasi” barpo etilishi xalqlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy ildizlar mushtarakligini dunyoga namoyon etdi.

Dunyoning 70 ta mamlakatida o‘zining 90 ta markaziga ega bo‘lgan nufuzli Yunus Emro institutining Toshkent ofisi uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tanlanishi bejiz emas. Zero, ushbu oliygoh o‘zbek tili va milliy merosimizni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishni o‘zining bosh strategik maqsadi deb biladi.
Toshkentda ochilgan Yunus Emro markazi ma’naviy rishtalarning mantiqiy davomi o‘laroq, turkiy dunyoning intellektual salohiyatini birlashtirish yo‘lida yangi qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Sherbek Islomov, O‘zA