Yuksalish yo‘li kitobxonlikdan boshlanadi
Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, har bir taraqqiyot va yuksalish ortida ilm-ma’rifat, kitobga oshnolik turgan bo‘ladi. Ilm-fanga ulkan hissa qo‘shgan allomalar, buyuk kashfiyotlar va taraqqiyotlar avvalo ma’rifatga bo‘lgan yuksak e’tibor tufayli yuzaga kelgan.
Mutolaa madaniyati yuqori bo‘lgan jamiyatlarda fuqarolarning huquqiy ongi, madaniy saviyasi va ijtimoiy faolligi ham sezilarli darajada yuksaladi. Shu ma’noda, bugun yurtimizda kitobxonlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor oddiy ijtimoiy tashabbus emas. Bu mamlakatning intellektual salohiyatini yuksaltirish va kelajak taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan muhim strategik harakatdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni Xalqaro kongress markazida O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha umummilliy harakatga start berish marosimida so‘zlagan nutqida bu masalaga alohida to‘xtaldi.
Davlatimiz rahbari bugungi murakkab va shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda insonning mustaqil fikrlashi eng katta ustunliklardan biri ekanini ta’kidlab, ushbu fazilatni shakllantirishda kitobxonlikning o‘rni beqiyos ekaniga e’tibor qaratdi.

Darhaqiqat, bugun har qanday ma’lumotni bir necha soniya ichida topish mumkin. Ammo uni to‘g‘ri anglash, tahlil qilish va hayotda qo‘llash uchun chuqur tafakkur zarur. Ana shunday tafakkur esa mutolaa orqali shakllanadi. Kitob insonni o‘ylashga, izlanishga va voqea-hodisalarga teran nazar bilan qarashga o‘rgatadi.
Xalqaro tajriba ham kitobxonlik va ta’lim sifati o‘rtasida uzviy bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatadi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan o‘tkaziladigan PISA xalqaro baholash dasturida yuqori natijalarga erishayotgan mamlakatlar o‘quvchilari matnni tahlil qilish, asosiy g‘oyani ajratib olish va xulosa chiqarish ko‘nikmalari bilan ajralib turadi. Bu esa mutolaa madaniyati ta’lim samaradorligi va yoshlarning intellektual rivojlanishida muhim omil ekanini tasdiqlaydi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda kitobxonlikni rivojlantirish, mutolaa madaniyatini kengaytirish va yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan qator tizimli tashabbuslar o‘z samarasini bermoqda. Xususan, “Yosh kitobxon”, “Mutolaa”, “Yoshlar uchun ming kitob” va boshqa shu kabi loyihalar ko‘plab kitobsevarlarni birlashtirmoqda.
Ular qatorida “Yosh kitobxon oila” tashabbusi kitobxonlik madaniyatini oilaviy muhitga olib kirish, ota-ona va farzandning birgalikda mutolaa qilish an’anasini shakllantirishga muhim asos bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yilning 22-mayda qabul qilingan “Yoshlar orasida kitobxonlik dasturini keng joriy etish va ularning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoyishi ayni yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Farmoyishga ko‘ra, 2026-yildan boshlab har yili umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirishga qaratilgan “Milliy kitobxonlik harakati” doimiy ravishda o‘tkaziladi. Ushbu hujjat kitobxonlikni faqat tashabbus yoki alohida loyihalar doirasida emas, balki tizimli va uzluksiz jarayon sifatida shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
E’tiborlisi, endilikda har yili mazkur tadbirning final bosqichi Prezident darajasida o‘tkaziladi. Dasturning umumiy yillik mukofot fondi 240 ming dollarni tashkil etadi. Bosh sovrin sohibi 50 ming dollar bilan taqdirlanadi. Bu yurtimiz tarixida kitobxonlik bo‘yicha eng salmoqli mukofot bo‘ladi.
Mazkur tashabbuslarni samarali amalga oshirishda xalqaro tajribaning ham o‘rni yuqori. Jumladan, O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi yaqin do‘stlik va strategik sheriklik doirasida milliy ma’naviy merosimiz asosida yurtimizda kitobxonlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaror qilindi.
Mazkur jarayonning ahamiyati haqida Filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov fikr bildirar ekan, aslida bu harakat bir necha yildan beri, samarali davom etib kelayotgani bilan ahamiyatli ekaniga urg‘u berdi:
– Yaqinda "Yosh kitobxon" tanlovining respublika bosqichini yakunladik. Eng munosib ko‘rilgan yosh kitobxonlar Prezidentimiz sovg‘asi – avtomobilga ega bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar va keng kitobxonlar uchun qabul qilgan farmoyishi chin ma’noda tarixiy hujjat bo‘ldi. Chunki kitob millatni millat sifatida shakllantiradigan, uning ma’naviy qiyofasini belgilaydigan eng muhim omildir. Shu bois “kitob, kitob va yana kitob” degan g‘oyaning qayta-qayta ta’kidlanayotgani bejiz emas.
Ma’rifat yo‘lini tanlagan o‘qituvchi ham, kitob bilan ulg‘ayayotgan o‘quvchi ham bu farmoyishni katta mamnuniyat bilan qabul qilmoqda. Biz bu harakatni shunchaki tashabbus emas, balki izchil davom etadigan umummilliy ma’naviy jarayon sifatida ko‘ryapmiz. Kitoblarni tanlab, o‘quvchilarga tavsiya etiladigan ro‘yxatlarni shakllantirish orqali bu jarayonga o‘z hissamizni qo‘shamiz.
Mutaxassis kitobning inson hayotidagi o‘rnini quyidagicha ta’rifladi:
– Ma’naviyati yuksak insonni, o‘quvchini boshqa odam turli tahdidlar bilan aslo yenga olmaydi. Boisi, kitob insonning ruhiy dunyosini mustahkamlaydi. Bugun o‘qilayotgan kitoblar mamlakatimiz yoshlarini shaxs sifatida shakllantirishga xizmat qilish kerak. Mening tasavvurim, umidim va orzuim mana shu – “Milliy kitobxonlik harakati” yuksak ezgu g‘oyalarga albatta xizmat qilsin.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zA