Yuksak unvon surxondaryolik baxshini yangi marralar sari undadi
Prezidentimizning “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanidagi 5-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi, baxshi Mahammad Eshboyev “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Shu munosabat bilan viloyat hokimligida M.Eshboyevga davlatimizning yuksak mukofotini topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Davlat va jamoat tashkilotlari, madaniyat vakillari, nuroniylar, adiblar va san’atkorlar ishtirok etgan marosimda viloyat hokimi U.Qosimov keyingi yillarda mamlakatimizda sohaga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida atroflicha so‘z yuritdi.

Shu jumladan, xalqimiz asrlar davomida sayqal berib, qalb qo‘rida asrab kelgan baxshichilik san’ati ham yangi bosqichda rivojlanib, har yili ko‘plab yangi ovozlar kashf etilayotganini ta’kidladi. Ustoz baxshilar ijodi munosib rag‘batlantirilib, joylardagi ta’lim muassasalarida yosh avlodga baxshichilik san’atini o‘rgatish yuzasidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar to‘g‘risida fikr almashdi. El suygan baxshiga yuksak unvonni tantanali topshirdi. Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida tug‘ilgan baxshi hayotini Surxon vohasi bilan bog‘ladi. Baxshichilik san’atiga qiziqish uni ustoz baxshilar davrasiga chorladi.
Qiziriq tumanidagi Gulobod mahallasida yashaydigan M. Eshboyev o‘n besh yil xo‘jalikda ishchi bo‘ldi. Biroq, dalada mehnat qilish og‘ir ekan, deya do‘mbirani qo‘lidan tashlamadi. Dostonlarni yod oldi. Termalar kuyladi. O‘zbekiston xalq baxshisi Abdunazar Poyonov va boshqa ustozlardan sohaning sir-asrorlarini chuqur o‘rgandi. Bir muddat tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli bolalar va o‘smirlar uyushmasining baxshichilik to‘garagini boshqardi. Ikki yil tuman markaziy madaniyat uyida rejissyorlik qildi.

Keyingi ikki yil “Qo‘ng‘irot” folklor-etnografik xalq dastasi badiiy rahbari bo‘lib ishladi. 2018-yil Termiz san’at kollejini xalq ijodiyoti yo‘nalishida sirtdan tugatib, Termiz shahridagi 22-bolalar musiqa, sanat va baxshichilik maktabida to‘rt yil o‘qituvchilik kasbini e’zozladi. Xalq ijodiyoti durdonalariga mehr qo‘ygan bolajonlarga saboq berdi. Uch yil Qiziriq tumanidagi “Bo‘ston” madaniyat markazida to‘garak rahbari bo‘lib, mehnat qildi.
Ikki yildan buyon Jarqo‘rg‘on tumanidagi 5-bolalar musiqa va san’at maktabida yosh avlodga baxshichilik yo‘nalishida dars bermoqda. Baxshichilik san’atimizni dunyoga keng tarannum etib, yosh avlod qalbiga milliy qadriyatlarimiz va azaliy an’analarimizga hurmat, yurtga sadoqat kabi fazilatlarni chuqur singdirishdagi xizmatlari uchun 2019-yil “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
O‘sha yilning 5-10-aprel kunlari Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan “Xalqaro baxshichilik san’ati festivali” doirasida o‘tkazilgan “Baxshi-shoirlar” ko‘rik-tanlovida faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. - Baxshichilik o‘tmishdagi ajdodlarimiz ovozi,- deydi “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” Mahammad Eshboyev. Doston va termalar ularning qahramonona hayoti, turmush tashvishlari va sadoqat kabi hislatlarini bizgacha yetkazib kelgan muhim manba sanaladi.
Prezidentimiz bu sohaga alohida e’tibor qaratib, farzandlarimizning noyob kasbni egallashi uchun barcha sharoitlarni yaratdi. Jumladan, birgina Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida musiqa, san’at va baxshichilik maktabi, tumanlardagi musiqa va san’at maktablari qoshida baxshichilik bo‘limlari tashkil etildi. Yetti yildan buyon mamlakatimizning turli hududlarida o‘tkazilayotgan “Xalqaro baxshichilik san’ati festivali” asrlar davomida xalqimiz qalbida yashab kelgan bu san’atimizni jahonga keng tarannum etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Mening ham sohadagi kamtarona izlanishlarim yuqori baholanib, faxriy unvonga sazovor bo‘lganimdan boshim ko‘kka yetdi. Noyob iste’dodini 27 yildan buyon katta-kichik davralarda namoyish etib, elimiz qalbidan joy olgan baxshi “Avazxon”, “Alpomish”, “Oyparcha”, “Malla savdogar”, “Tarkiston”, “Xondali”, “Kuntug‘mish” singari dostonlarni shirali ovoz bilan baralla kuylamoqda. O‘ttizdan ortiq xalq termalarini yod olish barobarida o‘zi ham turli mavzularda termalar yaratmoqda. Shu yillarda taniqli baxshi ko‘plab iqtidorli shogirdlar tayyorladi.
Himmatali Eshboyev, Husan Egamshukurov, To‘ychi Boltayev, Chorshanbi Jumayev, Bekzod Hamidov, Anvar Ergashev, Azizbek Otamurodov, Azamat Otamurodov, Bobur Safarov kabi yosh baxshilar do‘mbira chertish, doston kuylash va nafis termalar ijod qilishni M.Eshboyevdan o‘rgandi. O‘tgan yillarda yetuk baxshi ko‘plab xalqaro va mamlakat festivallari, ko‘rik-tanlov va boshqa tadbirlarda faxrli o‘rinlarni egalladi.
Diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Mahammad Eshboyev so‘nggi o‘n yilda “Avazxonning ota yurtiga borib kelishi”, “Ustozlar”, “Ustozlar izidan”, “Oqqan daryo oqaveradi”, “Oyparcha” nomli doston va termalar kitoblarini nashrdan chiqardi. Hozir “Allanazar Olchinbek”, “Yusuf va Ahmad”, “Oltin qoboq”, “Suluvxon”, “Bolxuvon”, “Malika ayyor”, “Intizor”, “Xush keldi”, “Oychinor”, “Jarxun maston”, “Farhod va Shirin”, “Shirin va shakar” dostonlarini o‘rganib, “Tarkiston”, “Nurali va besh yuz mulla bachcha” dostonlarini kitob holida chop ettirishni rejalashtirmoqda.
Uzoq yillardan buyon yorqin va betakror iste’dodi bilan xalqimizning madaniy, badiiy va intellektual salohiyatini yuksaltirib, milliy ma’naviyatimizni boyitishga, asriy an’analarimiz, boy merosimizni asrab-avaylash va Yangi O‘zbekistonni jahon miqyosida keng targ‘ib etishdagi samarali xizmatlari uchun yuksak unvon bilan taqdirlangan xalq baxshisi bu boradagi ishlari ko‘lamini oshirishga ahd qildi.
Yosh avlodning milliy san’atimizga qiziqishini yanada oshirib, iqtidor sohiblarini qo‘llab-quvvatlash, malakali kadrlar tayyorlash va ularni ona yurtga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi izlanishlarini yanada kengaytirishga bel bog‘ladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA