Yuksak natijalarni qayd etishdi
Sirdaryo viloyati o‘quvchilari Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika olimpiadasida munosib ishtirok etib, yana bir bor o‘zlarining bilim va iqtidorini xalqaro maydonda namoyon etishdi.
Sirdaryolik yoshlar xalqaro olimpiadada yuksak natijalarni qayd etdi. Sirdaryo viloyati o‘quvchilari Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika olimpiadasida munosib ishtirok etib, yana bir bor o‘zlarining bilim va iqtidorini xalqaro maydonda namoyon etishdi.
Dunyoning 16 davlatidan 221 nafar iqtidorli o‘quvchi qatnashgan nufuzli olimpiadada viloyatimiz vakillari bir oltin va ikki bronza medalni qo‘lga kiritdi. Jumladan, Yangiyer shahridagi ixtisoslashtirilgan maktabning 9-sinf o‘quvchisi Doston Rahmonqulov matematika fanidan oltin medal sohibi bo‘ldi. Bosimov nomidagi maktabning 8-sinf o‘quvchisi Ozodbek Sayaqulov matematika fanidan bronza medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, Prezident maktabining 8-sinf o‘quvchisi Yusuf Zakirov informatika yo‘nalishida bronza medalni qo‘lga kiritdi.
– Bu natijalar tasodif emas. Ularning ortida uzoq muddatli tayyorgarlik, minglab yechilgan murakkab masalalar, ustozlarning zahmatli mehnati va ota-onalarning doimiy qo‘llab-quvvatlashi mujassam. Xalqaro olimpiadada qo‘lga kiritilgan har bir medal yoshlarning bilimga chanqoqligi, izlanuvchanligi va o‘z maqsadi sari qat’iyat bilan intilishining amaliy ifodasidir, – deydi boshqarmaning bosh metodisti Nigora Rasulova.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda aniq va tabiiy fanlarni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Sirdaryolik o‘quvchilarning xalqaro maydondagi navbatdagi muvaffaqiyati ham ana shu tizimli ishlar natijasidir.
Buyuk mutafakkir Muhammad al-Xorazmiy nomi bilan ataluvchi mazkur olimpiada nafaqat bilimlar bellashuvi, balki yoshlarning intellektual salohiyatini sinovdan o‘tkazuvchi muhim maydon sifatida ham ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, ushbu musobaqa har yili o‘tkaziladigan xalqaro matematika olimpiadasi (IMO) hamda xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) uchun muhim tayyorgarlik bosqichlaridan biri hisoblanadi.
– E’tiborlisi, bugungi yutuqlar faqat medallar bilan o‘lchanmaydi. Ular Sirdaryo yoshlarining intellektual salohiyati, ilm-fanga bo‘lgan qiziqishi va xalqaro raqobat maydonida munosib o‘rin egallashga qodir ekanini namoyon etmoqda. Bu esa kelgusida yanada yuqori natijalar uchun mustahkam zamin yaratadi, – deydi Davron Isoqov.
Shubhasiz, bugungi medallar ertangi yirik g‘alabalarning debochasidir. Sirdaryolik yoshlar ilm-fan cho‘qqilari sari dadil qadam tashlamoqda va mamlakatimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilishda davom etmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri