Yuksak marralarga erishish yo‘lidagi harakatlar boshlangan
Poytaxtimizdagi olimpiya zaxiralari kollejida suzish bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bahslari o‘tkazilmoqda.
Mazkur musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mamlakatimizning barcha viloyatlari va Toshkent shahridan sportchilar sovrinli o‘rinlar uchun bahs yuritishmoqda.
Musobaqaning ortda qolgan erkaklar va ayollar o‘rtasida 50 metrga brass, batterflyay, 200 metrga erkin va chalqancha, 4x100 metrga kompleks usulda suzish dasturlarida bahslar bo‘lib o‘tdi. G‘oliblar aniqlandi.
50 metrga brass usulda suzish bahslarida jizzaxlik Vladislav Mustafin 28.13 natija bilan 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, maskur yo‘nalishning batterflyay usulida andijonlik Eldorbek Usmonov 24.06 natija qayd etdi. Xuddi shuningdek, boshqa yo‘nalishlarda ham bir qator sportchilarimiz g‘oliblikka erishdi.
Suzish sport turi bo‘yicha vakillarimizning erishgan natijalari avvalgi yillardagi ko‘rsatkichlardan bir muncha yaxshilanganligini e’tirof etgan holda hali xalqaro maydondagi belgilangan marralarni egallash yo‘lida suzish sport turi mutaxassis va murabbiylari ancha mehnat qilmog‘i, sportchilarimiz esa shijoat ko‘rsatmog‘i lozim, nazarimizda.
Muhimi, mazkur musobaqa davomida uning texnik tomonlarini xalqaro talablar darajasida o‘tkazishga e’tibor qaratilganligi, sportchilarning natijalarini baholash tizimidagi yangilanishlar yuksak marralarga erishish yo‘lidagi harakatlar boshlanganidan dalolat bermoqda.
O‘zbekiston kubogi bahslarining qolgan yo‘nalishlardagi g‘olib va sovrindorlar nomi bugun ma’lum bo‘ladi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA