Yuksak ishonch ulkan marralar sari rag‘batlantiradi
Sport – mamlakatimizda navqiron avlodni jismonan va ruhan sog‘lom insonlar qilib voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, yurtimizning xalqaro maydondagi obro‘sini yanada yuksaltirishning muhim vositalaridan biri sifatida jadal rivojlanmoqda.
Sport – mamlakatimizda navqiron avlodni jismonan va ruhan sog‘lom insonlar qilib voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, yurtimizning xalqaro maydondagi obro‘sini yanada yuksaltirishning muhim vositalaridan biri sifatida jadal rivojlanmoqda.Bolaligimdan sportga mehr qo‘yib ulg‘aydim. Ammo u paytlarda sport bilan shug‘ullanish, o‘z iste’dodingni namoyon etish uchun sharoit deyarli yo‘q edi. Qizlarga-ku, umuman, bu narsalar ortiqcha dahmaza deya uqtirilardi. Bugun-chi? Bugun mamlakatimiz sporti jadal rivojlanayotgan dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kirdi. Istiqlol farzandlari – yurtimiz yoshlari sport olamining nufuzli musobaqalari – qit’a va jahon chempionatlari, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida yuksak g‘alabalarga erishib, Vatanimiz bayrog‘ini baland hilpiratmoqda, madhiyamizni jahon arenalarida baralla yangratmoqda.
Birgina go‘zal diyorimiz Farg‘ona viloyatida ham minglab yoshlarimiz ana shunday ulkan natijalarga erishayotir. Men yigirma to‘rt yildan beri turon yakkakurashi bo‘yicha murabbiylik qilaman. Mamlakatimizda milliy qadriyatlarimizni, ayniqsa, milliy sport turlarini tiklash, yanada rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasida turon yakkakurashi ham jadal ommalashmoqda. Viloyatimizda bugungi kunda ikki mingga yaqin yigit-qiz qirqdan ziyod murabbiy qo‘l ostida ushbu sport turining sir-asrorini puxta o‘rganmoqda. Ayniqsa, Farg‘ona, Quva, Qo‘qon, Rishton, Buvaydada turon yakkakurashi ommalashgan sport turlaridan.
Shogirdlarim qator davlatlarda o‘tkazilgan Osiyo chempionatlarida g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. Yaqinda Qozog‘istonda o‘tgan jahon kubogi musobaqasida 3 oltin, 1 kumush va 2 bronza medalni qo‘lga kiritdi. Ularning bu natijalari bilan faxrlanamiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida sport rivoji yangi, yuksak bosqichga ko‘tarilmoqda. Qisqa vaqt ichida davlatimiz rahbarining «Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni, “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qarorlarining qabul qilinishi mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish, yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol voyaga yetkazish, xalqaro sport maydonlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarni tarbiyalash, sportchi va murabbiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish borasidagi ishlarni mutlaqo yangicha, puxta o‘ylangan tizimda olib borishda muhim omil bo‘layotir.
Bu esa murabbiylardan ham o‘z faoliyatiga yangicha yondashuvni talab etishi tabiiy. Zero, sportga endi kirib kelgan yosh o‘g‘il-qiz nozik niholga o‘xshaydi. Uning to‘g‘ri tarbiyalanishi, jismonan va ma’nan sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishi, kelajakda Vatan sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilishga qodir yetuk sportchi bo‘lib yetishishi murabbiyning kasb mahorati, tajribasi bilan birga sportchiga bo‘lgan mehri va mas’uliyatiga bog‘liq. Shunday keng imkoniyatlar yaratib berilayotgan ekan, biz o‘z ustimizda tinimsiz ishlashimiz, o‘sib kelayotgan yosh avlodni jismonan sog‘lom qilib tarbiyalash bilan birga ularning qalbida vatanparvarlik, matonat, jasorat tuyg‘ularini ham shakllantirishda yanada kuch-g‘ayrat bilan ishlashimiz zarur. Farzand tarbiyasida mas’uliyat va fidoyilik bilan qilingan mehnat esa o‘z mevasini beradi.
Prezidentimizning shu yil 25-avgustdagi farmoni bilan bir guruh yurtdoshlarimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy islohotlardagi faol ishtiroki, samarali mehnati, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishiga qo‘shgan hissasi uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Ular orasida men ham borligimdan baxtiyorman.
Kamtarona mehnatimizni shunday yuksak mukofotga loyiq ko‘rgani uchun Prezidentimizdan minnatdormiz. Bu mukofot yuksak ishonch, rag‘bat va mas’uliyat demakdir. Bu yuksak ishonch bizni yanada ulkan marralar sari rag‘batlantiradi. Fursatdan foydalanib, xalqimizni eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Gulchehra Abdurasulova,
“Shuhrat” medali sohibi,
Turon yakkakurashi bo‘yicha
Farg‘ona viloyati terma jamoasi murabbiyi.