Yuksak e’tirof – fidoyilikka berilgan munosib baho
Farg‘ona viloyati hokimligida mamlakat taraqqiyoti, xalq farovonligi va jamiyat ravnaqi yo‘lida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh farg‘onaliklarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga muvofiq davlat mukofotlari topshirildi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ta’kidlaganidek, davlat mukofoti oddiy rag‘bat emas. U insonning ko‘p yillik halol mehnati, kasbiga sadoqati, el-yurt manfaati yo‘lidagi fidoyiligiga yuksak bahodir. Bunday mukofotga sazovor bo‘lgan har bir insonning hayot va mehnat yo‘lida ana shunday ibratli jihatlar mujassam. Prezident farmonlari o‘qib eshittirilib, davlat mukofotlari sohiblariga orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.

Mukofotlanganlar orasida ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va san’at, davlat xizmati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa sohalar vakillari bor edi. Ularning har biri o‘z sohasida fidoyilik bilan mehnat qilib, Farg‘ona viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
– Bu mukofotni nafaqat o‘z mehnatimga berilgan baho, balki men bilan yelkadosh bo‘lib ishlagan jamoamning mehnatiga berilgan e’tirof, deb bilaman, – deydi mukofot sohiblari. Ular bildirilgan ishonchni oqlash, Vatan va xalq manfaati yo‘lida sidqidildan mehnat qilishni davom ettirishlarini ta’kidladilar.

– “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni kamtarona qilgan mehnatimizning katta e’tirofi, – deydi mukofot sohibi “Fergana Global Textile” MCHJ ta’sischisi Muzaffar Razzoqov. – Bu bitta men uchun emas, bizning 7,5 minglik jamoamiz uchun, Farg‘ona viloyatimiz uchun yuksak e’tirof. Prezidentimiz tomonidan yaratilgan sharoitlardan rag‘bat olib katta-katta yuksak marralarga erishishga va’da beraman.
– Kichkina mehnatimizga yuksak baho berilgani meni yanada mehnat qilishga, o‘zimizning ustimizda ishlashga, ishlab chiqarishlarimizni kengaytirib, eksport geografiyasini ko‘paytirishga undaydi. Yangi ish o‘rinlarini yaratib, musofirda yurgan hamyurtlarimizni yurtimizga qaytarishga hissamizni qo‘shamiz deb va’da beraman, – deydi “Avilon Kokand” MCHJ rahbari Avaz Abdurahimov.

– Bu berilgan mukofot menga kuch-quvvat, shijoat, mas’uliyat yuklaydi. Yanada yaxshi ishlashga harakat qilaman, – deydi “Shuhrat” medali sohibi Mahliyo Ismoilova.
<iframe width="640" height="350" src="https://www.youtube.com/embed/lO4JehBvM8s" title="Yuksak e’tirof — fidoyilikka berilgan munosib baho" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat),
O‘zA