Yozyovon dalalarida paxta terimi qizg‘in
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida ayni kunlarda paxta yig‘im-terimi qizg‘in davom etmoqda. Joriy yilgi hosilning 85–90 foizini zamonaviy paxta terish mashinalari yordamida yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan.
Mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida tuman paxta dalalariga yuqori unumli 15 ta paxta terish mashinasi safarbar etilgan. Texnikalar yordamida kuniga o‘rtacha 800 tonna sanoatbop paxta xomashyosi yig‘ishtirib olinmoqda.
[gallery-31645]
Tumanda paxta yetishtirishga ixtisoslashgan 154 ta fermer xo‘jaligi hamda 4 ta paxta-to‘qimachilik klasteri o‘rtasida shartnomalar imzolangan. Shu asosda 4 ming 850 gektar maydonda yetishtirilgan hosildan 25 ming 150 tonnadan ziyod paxta olish ko‘zda tutilgan.
— Qishloq xo‘jaligida, xususan, paxtachilikda ilm-fan yutuqlari va innovatsion yondashuvlardan samarali foydalanib, ilg‘or agrotexnologiyalar asosida mo‘l hosil yetishtiryapmiz, - deydi Yozyovon tumanidagi “Mezon” fermer xo‘jaligi rahbari Vohidjon Obidov. — Joriy yilda 115 gektar maydonda xorijiy navlar parvarishlandi. Hozirgi kunda xo‘jaligimizga tegishli paxta terish mashinasi yordamida kuniga 80 tonnagacha paxta yig‘ishtirib olinmoqda. Har gektardan o‘rtacha 80 sentnerdan hosil olishga erishyapmiz.
Zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va texnikalardan samarali foydalanish hosilni qisqa muddatda va sifatli yig‘ishtirib olish imkonini bermoqda. Bu esa paxtachilikda mehnat unumdorligini oshirish, mavsumiy xarajatlarni maqbullashtirish va daromadni ko‘paytirishga xizmat qilmoqda
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA