Yozgi Osiyo o‘yinlari: voleybol, regbi va suv polosidagi raqiblarimiz ma’lum
"Aichi-Nagoya-2026" yozgi Osiyo o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi va jamoaviy sport turlari bo‘yicha tegishli federatsiyalarning mutaxassislari ishtirokida futbol va gandboldan keyin voleybol, regbi va suv polosi sport turlariga ham qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Osiyoning 45 ta mamlakat milliy terma jamoalari ishtirokida o‘tadigan XX yozgi Osiyo o‘yinlarining voleybol o‘yinlariga tashlangan qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi “A” guruhida Yaponiya, Pokiston va Qozog‘iston jamoalari bilan joy oldi.

Regbi-7 bo‘yicha kechadigan bahslarda O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi “A” guruhida Gongkong, Xitoy va Malayziya bilan kuch sinashadigan bo‘ldi.

Shuningdek, suv polosi musobaqalarida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi aylana tizimdagi bahslarda Xitoy, Yaponiya, Singapur, Qozog‘iston va Tailand jamoalariga qarshi harakatlanish imkoniyatiga ega chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, 19-sentabr-4-oktabr kunlari Yaponiyaning Aichi-Nagoya shaharlarida bo‘lib o‘tadigan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida qit’a sportchilari 43 ta sport turining 71 ta yo‘nalishida raqobatlashadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA