Yozgi oromgohlar faoliyati o‘rganildi
O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasining Shirin shahar jamiyati tomonidan shahardagi umumta’lim maktablari qoshida faoliyat olib borayotgan yozgi oromgohlar holati o‘rganildi.
Monitoring jarayonida oromgohlarda bolalar uchun yaratilgan sharoitlar, ovqatlanish tartibi, gigiyena qoidalariga rioya qilinishi va tibbiy xizmat ko‘rsatilishi holatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Hozirgi kunda Shirin shahridagi 1- va 3-son umumta’lim maktablari qoshida tashkil etilgan yozgi oromgohlarda jami 200 nafarga yaqin 1–6-sinf o‘quvchilari dam olmoqda. Ular orasida kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari ham bor.

Oromgohlarda bolalar uchun ikki mahal issiq ovqat berish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, bolalar fan to‘garaklari, sport musobaqalari, ijodiy mashg‘ulotlar, musiqa va milliy o‘yinlar asosida tashkil etilgan dasturlarda faol qatnashayapti. Bu esa bolalarning yozgi ta’tilni mazmunli va samarali o‘tkazishlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.


O‘rganish natijasida yozgi oromgohlar faoliyati belgilangan me’yorlar asosida yo‘lga qo‘yilgani, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotgani ijobiy baholandi. Shu bilan birga, ayrim texnik va tashkiliy masalalar bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan oromgohlar ma’muriyatiga tegishli tavsiya va ogohlantirishlar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri