Yovlarga ayladi koʻksini qalqon
Oʻtkinchi dunyoda yaxshi nom bilan iz qoldirish oson emas.
Vatan himoyasi – muqaddas burch
Oʻtkinchi dunyoda yaxshi nom bilan iz qoldirish oson emas. Sanoqli insonlarning nomigina mangulikka muhrlanadi, ularga atab sheʼru dostonlar bitiladi. Yillar oʻtsa-da, katta-yu kichik ularning nomini ehtirom ila tilga oladi, hurmat ila xotirlaydi. Ayniqsa, Vatan tinchligi va hurligi uchun jon tikkanlar yodi hamisha ehtirom va eʼzozga loyiqdir.
Aʼlochi, sportchi, gʻayratli
Fargʻona viloyati, Soʻx tumanidagi 18-umumtaʼlim maktabidamiz. Taʼlim dargohi hovlisiga 2000-yili Surxondaryoning Sariosiyo va Uzun tumanlarida xalqaro terrorchilarga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etib, qahramonlarcha halok boʻlgan katta serjant Xayriddin Xolboyevning buyusti oʻrnatilgan. Maktab ichida esa qahramon yigitga bagʻishlangan ixchamgina muzeyga duch kelasiz.
Tashrifimiz chogʻida maktab yoshlar ittifoqi yetakchisi Ofarida Qosimova boshchiligidagi oʻquvchilar Xayriddin Xolboyevga bagʻishlangan sheʼr va qoʻshiqlari bilan mehmonlarni xushnud etishdi. Zero, mardlar nomi unutilmasligi eʼtirofi bu.
– U juda iqtidorli oʻquvchi edi, – deya Xayriddinni yodga oladi ustozi Ayubjon Gʻoyibov. – Buyurilgan topshiriqni oʻz vaqtida bajarardi. Fanlardan aʼlochi boʻlish bilan birga, sportda ham yetakchilardan edi, ayniqsa, voleybolda. Shu sabab, u ishtirok etgan tuman musobaqalarida maktabimiz oʻquvchilari birinchi oʻrinni egallardi. Xayriddin gʻayratli va qatʼiyatli, doʻstlariga mehribon boʻlgani uchun oʻrtoqlari doim uning ortidan ergashardi…
Orzulari koʻksida ketgan oʻgʻlon
Yigirma yil, Sariosiyodagi harbiy harakatlarga avgust oyida yigirma yil boʻladi. Demakki, Xayriddinning bu dunyoni tark etganiga ham… U oʻshanda 21 yoshda edi. Oʻt-olov, gʻayratli, orzulari bisyor, kuyovlik sarpolarini kiyishga bir qadam qolgan, toʻyi boʻlish arafasida turgan yigit…
Soʻx tumanidagi Lemburg qishlogʻida Shodibek aka Xolboyevlar oilasining oʻz oʻrni va hurmati bor. Xayriddin shu xonadonning toʻngʻich farzandi edi. Oila boshligʻi quruvchi usta. Qishloqdagi va oʻsha yon-atrofdagi koʻplab uylarning qad rostlashida Shodibek akaning ulushi katta. Shu bois, oila farzandlari Xayriddin va Shamsiddin ham ustachilikka erta mehr qoʻygan, otalariga yordamchi boʻlishgan. Biroq Xayriddin harbiy soha vakili boʻlishni bolaligidan orzu qilgan, jismonan baquvvat boʻlishga intilgan. Sport bilan shugʻullangan, har tong yugurish mashqini bajargan. Ikkinchi jahon urushida qatnashgan bobosi Ketmas akadan urush voqealarini tinglashdan charmas, savollari adoqsiz boʻlardi uning. Shu sabab, desantchilar harbiy qismida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan yigit, xizmatini kontrakt boʻyicha maxsus operatsiya kuchlari batalyonida davom ettirishga muvaffaq boʻlgan.
– Xayriddin bilan xizmatda ham, harbiylar shaharchasidagi turar joyda ham, Sariosiyodagi harbiy harakatlarda ham birga boʻlganmiz, – deydi safdosh doʻsti, isteʼfodagi serjant Oybek Hamdamov. – U haqiqiy maxsus guruh posboni edi. Mard, ortga chekinmas, har qanday sharoitga moslasha oladigan, qoʻrqmas yigit edi, u. Nazariy mashgʻulotlarda aʼlochi, yozuvi juda chiroyli boʻlib, husnixatiga har qanday odam tan berardi. “Qiz bolalarga oʻxshab chiroyli yozasan”, deb hazilashib gohida uning gʻashiga tegardim. Mashgʻulotlarga ulgura olmasam, albatta menga yordam berardi. Amaliy mashgʻulotlarda ham doim oldingi safda boʻlgan. Bilasiz Soʻx togʻli hudud, togʻda oʻsgan yigitning chapdast va epchil boʻlishi, shubhasiz.
Ikkimizning ham kelajak orzularimizdan biri oila qurib, farzandlar koʻrish edi. U koʻp oʻtmay unashtirildi, toʻyi boʻlishi kerak edi, biroq… Xalqaro terrorchilarga qarshi olib borilgan harbiy harakatlarda yonma-yon turdik. Amaliy mashgʻulotlarda shartli dushman bilan jang qilgan maxsus guruh posbonlari uchun bu haqiqiy sinov maydoni edi. Biz bu kunga har tomonlama tayyor edik, lekin safdoshlardan ayrilish… Xayriddin halok boʻlganda ham birga edim. Men ogʻir yarador boʻldim, u esa…
Ha, hayotdan erta ketgan doʻstni eslash oson emas, ayniqsa u yaqin safdoshing boʻlsa. 2000-yildagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan maxsus guruh posbonlarining deyarli barchasi hozir isteʼfoda. Ammo Xayriddinning qaysi bir safdoshi bilan suhbatlashmay, u haqidagi oʻziga xos fikrlar, iliq xotiralarga ega boʻldim. Oilasida boʻlganimizda esa bizni ota-onasi, yaqinlari bilan birga, mahalliy xokimiyat vakillari, qoʻni-qoʻshni va qarindosh-urugʻlari qarshi oldi. Har birlarining qahramon yigit haqida aytadigan dil soʻzi, fikrlari bor. Bunday damda eng ogʻiri ota-ona bilan jigarbandini yodga olish.
– Xayriddin katta oʻgʻlimiz, ishongan togʻimiz edi. U harbiy xizmatchi boʻlishga qaror qilganida dadasi ikkimiz rozi boʻldik, – deya Gulsimbibi opa koʻzlarida yosh ila oʻgʻlini xotirlaydi. – Chunki u bir ishga ahd qildimi, erishmaguncha tinchimasdi. Askarlik burchidan soʻng, xizmatini davom ettirdi. Bagʻrimizdan uzoqda boʻlgani uchun uylantirib qoʻyishga qaror qildik. Oldida issiq-sovugʻidan habardor boʻlib turadigan yaqini boʻlsa yaxshi, koʻnglimiz xotirjam boʻladi deb, oʻyladik. Bagʻrimizga oxirgi marta kelganida 2000-yilning iyul oyi edi. Avgust yoki sentyabrda toʻyini oʻtkazmoqchi edik. Doim “toʻyimga Xurshid Rasulovni olib kelamiz”, derdi. Oʻn kun yonimizda boʻldi. Doʻstlarining biri qoʻyib, biri kelib turdi. Taʼtili tugagach, xizmatiga otlandi, xayrlashib yoʻlga tushdi. Ortidan termulib turibman. Shunda, besh-oʻn qadam yurdi-yu orqasiga qaytdi…
Gulsimbibi opa mujgonlarini artar ekan, bir muddat jim qoldi. Anglashimcha, koʻz oldida beixtiyor oʻsha onlar gavdalandi. Oʻshanda ona-bola oʻrtasida qoʻyidagicha suhbat boʻlib oʻtgandi:
– Tinchlikmi bolam, biror narsang yodingdan koʻtarilibdimi?
– Yoʻq onajon, hammasi joyida, faqat toʻyga tayyorgarlik koʻrmay turinglar.
– Nega?
– Men bir joyga ketyapman, uzoq joyga. Qaytmasligim mumkin.
– Bu nima deganing? Unday dema bolam, boʻlajak kelinimiz seni qachondan buyon kutadi, uni noumid qilma.
– Qaytsam, oʻsha qiz meniki. Agar qaytmasam uni ukamga olib beringlar. Siz aytgandek, noumid boʻlmasin…
– Xayriddin ketganidan keyin oʻylab oʻyimga yetolmadim, – deya xoʻrsinadi Gulsimbibi opa. – Oʻgʻlim nega unday dedi, biror rejasi boʻlsa menga aytgisi kelmadimi. Ammo bolamni oʻshanda oxirgi marta koʻrib turishim, bagʻrimga tobutda qaytishini aslo xayolimga keltirmagandim…
Ruhi toza insonlar boʻladigan ishni oldindan sezadi, deyishadi keksalar. Xayriddin taʼtildan qaytayotganda Sariosiyodagi harbiy harakatlar boshlanmagan, unda ishtirok etishi hali nomaʼlum edi. Ne boʻlganda ham sirli dunyo, bu.
Oiladagi xona toʻridan joy olgan moʻjazgina uy muzeyiga eʼtibor qarataman. Unda katta serjant Xayriddin Xolboyevga tegishli “Jasorat” medali va turli mukofotlar, rasmlar, harbiy liboslar va boshqa bir qator buyumlar bor. Albatta bu muzey va qahramon yigitning ota-onasini ziyorat qilguvchilar ham yetarli. Bir soʻz bilan aytganda, yillar, davrlar oʻtar, avlodlar almashar, lekin yurt tinchligi, millat erki uchun yosh umrini yovga qalqon qilgan joʻmardlar nomi barhayotdir. Shoirona aytganda:
Yurt shaʼniga tikkan yigit jonini,
Chaqin umri tutdi Vatan shonini,
Janggohlarda toʻkdi shahid qonini,
Yovqur ketgan kelbati Farhodlarim.
Avlodlarda yashar yurak choʻgʻingiz,
Er taxtida baland tutar tugʻingiz,
Humo qushi asli Sizning ruhingiz,
Vatan uzra soʻnmas ruhi shodlarim.
“Vatanparvar” gazetasi muxbiri
Zulfiya YUNUSOVA