Yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda
Muammolarini oʻrganib, ularni hal etishga amaliy koʻmaklashmoqda.
Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov joylarda yoshlar bilan uchrashib, ularning taklif va tashabbuslari bilan tanishdi. Muammolarini oʻrganib, ularni hal etishga amaliy koʻmaklashmoqda.
“Hokim va yoshlar” loyihasi doirasida Mudofaa vazirligining “Termiz” dala-oʻquv maydonida boʻlib oʻtgan ana shunday uchrashuvda yosh harbiylar, talaba hamda uyushmagan yoshlar ishtirok etdi.
– Soʻnggi paytlarda barcha sohalarda yoshlarning faolligi yaqqol sezilayotgani quvonarlidir, – dedi viloyat hokimi T. Bobolov. – Yoshlarimizning parlament va mahalliy kengashlarga boʻlib oʻtgan saylovda siyosiy yetukligini keng namoyon etganidan juda quvondik. Tadbirkorlik, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va sport kabi sohalarda yigit-qizlarimiz erishayotgan yutuqlar ham barchamizga faxr ulashmoqda. Biz, rahbarlar yoshlarning gʻoya va tashabbuslarini, yangi loyihalarini har taraflama qoʻllab-quvvatlab, muammolaringizni hal etishga shaymiz.

Uchrashuvda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Qahramoni, tibbiyot fanlari doktori R.Muhammadiyev, Janubiy operatsion yoʻnalish boshqaruvi guruhi boshligʻi, polkovnik Q.Tursunov, Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari M. Allamurodovlar ham mamlakatimizda Yangi Oʻzbekiston yoshlariga yaratilayotgan sharoit va keng imkoniyatlarni alohida eʼtirof etib, bundan unumli foydalanish boʻyicha ishtirokchilarga tegishli tavsiyalarni bildirdi.
Tadbirda yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qator takliflarni oʻrtaga tashladi.
Viloyat hokimi, toʻrtta sektor va tashkilot, muassasalar rahbarlari, yosh harbiylar, talabalar “Termiz” dala-oʻquv maydonini yanada obod, koʻrkam maskanga aylantirish uchun boʻsh yerlarga oʻn mingga yaqin archa va saksovul koʻchatlarini oʻtqazdi.

Shu kuni uchrashuv Termiz tumani Nurafshon mahallasidagi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan korxonada davom etdi. Ushbu korxona mamlakatimiz bozorini keramika mahsulotlari, kafel va oʻtga chidamli gʻisht bilan taʼminlamoqda. Korxonada 150 dan ortiq kishi mehnat qilib, yiliga 10 ming tonna oʻtga chidamli gʻisht va plitkalar, 180 ming kvadrat metr turli rangdagi mayolika mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Bu yerda talabalar va Termiz tumani yoshlarining bandligi, uy-joy taʼminoti, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi, taʼlim olish, kasb oʻrganishi bilan bogʻliq muammolar ham oʻrganildi. Ishtirokchilar Termiz tumanida issiqxona va “Yoshlar mehnat”guzari tashkil etish loyihalari bilan tanishdi.
Tadbir doirasida mehnat yarmarkasi ham tashkil etildi.

Shuningdek, viloyat hokimi, sektorlar va tashkilot, muassasalar rahbarlari, faol yoshlar At-Termiziy nomli mahalla hududida gilam ishlab chiqaradigan yangi korxonaga ilk tamal toshini qoʻydi. Mazkur korxonada 250 ta yangi ish oʻrni yaratilishi, uning Turkiya, Germaniya, Italiya va Xitoy texnologiyalari bilan jihozlanishi koʻzda tutilgan.
Viloyat hokimining yoshlar bilan uchrashuvi davom etadi.