Yoshlarning eng yaxshi g‘oyalari g‘olib bo‘ldi
Termiz shahridagi Yoshlar markazida “Biznesga birinchi qadam” startap g‘oyalar tanlovining Surxondaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat iqtisodiyot va moliya, Yoshlar ishlari agentligi boshqarmalari, O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi va boshqa hamkorlar ishtirokida tashkil etilgan tadbirda 20 ga yaqin yigit-qiz o‘z biznes g‘oyasini taqdim etdi.


Tanlovning tantanali ochilish marosimida so‘nggi yillarda yoshlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlab, ularning taklif, tashabbus va g‘oyalari munosib rag‘batlantirilayotgani haqida alohida so‘z yuritildi. Mustaqil hayotga qadam tashlayotgan yigit-qizlarning o‘z salohiyatini keng namoyon etishi uchun zarur sharoit va qulay imkoniyat yaratib berilayotgani ta’kidlandi.
Bu jarayonda yoshlarni munosib ish va daromad manbai bilan ta’minlash, zamonaviy kasb-hunar hamda IT-texnologiyalarni o‘rgatish, tadbirkorlikka keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ahamiyatlidir.


Tanlov uning shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar tanishtirilib, ularning taqdimotlariga navbat berildi. Ular o‘z g‘oyalarini taqdim etib, hakamlar hay’ati va tomoshabinlarni turli sohalarni rivojlantirishga qaratilgan biznes loyihalari bilan tanishtirdi.
Yakunda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universiteti magistranti Akbarali Turdiyevning haydovchisiz elektrotraktori yuqori baholanib, 60 million so‘m pul bilan taqdirlandi. Denov tadbirkorlik va pedagogika universiteti 3-kurs talabasi Dilnoza Jumayevaning onlayn sayohat biznes loyihasi 50 million so‘m pul mablag‘i bilan rag‘batlantirildi. Viloyat yoshlar ishlari agentligi IT koordinatori Abbos Xo‘shboqovning “Aladdin Delivery” xizmati orqali mahsulot buyurtma qilish, yetkazib berish loyihasi uchun 40 million so‘mlik vaucher topshirildi.


–Tanlovga taqdim etgan haydovchisiz elektrotraktorning qulayligi judayam ko‘p, – deydi Akbarali Turdiyev. –U birinchi navbatda elektr quvvati bilan harakatlanadi, Traktorlarni uy sharoitida ham quvvatlash imkoniyati mavjud. Shuningdek, o‘zini o‘zi quvvatlantirish qobiliyatiga ega. Dehqonga ziroat ekish va ekinlarni parvarishlashda yaxshi ko‘makchi bo‘ladi. Bu loyihamiz hozir takomillashib borayotgan texnologiyalar qatoridan joy olishiga ishonaman. Chunki, suniy intellekt asosida boshqariladi va haydovchiga zarurat yo‘q. Bir martalik quvvati bilan sarflanayotgan energiyasining 30 foizini qayta yig‘ish imkoniyati mavjud. Loyihani nufuzli hakamlar hayati munosib baholab, rag‘batlantirgani bizni yanada ko‘proq izlanib, yangi g‘oyalarni ilgari surishga undadi.
Tanlovda Surxondaryo viloyati hokimi U.Qosimov ishtirok etdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri