Yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar amalga oshiriladi
O‘zLiDeP Siyosiy kengashi Ijroiya qo‘mitasi va Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishi va innovatsion g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishiga qaratilgan qator yangi tashabbuslari ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Qayd etilganidek, davlat siyosati doirasida har yili 500 ming nafar yoshni zamonaviy kasblarga o‘qitishga qaratilgan “Kelajak bilimlari ekotizimi”ni joriy etish, “Kasb vaucheri” orqali har yili 50 ming nafar yoshning kasb o‘rganish xarajatlarini qoplash, ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan 85 ming nafar yoshning xususiy o‘quv markazlarida bepul ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.
Oliy ta’lim muassasalarini bitirgan yoshlarni ishga qabul qilgan tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari joriy etilishi esa kamida 200 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda. Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Yoshlar mini-franshizasi” dasturi doirasida mahalliy brendlar asosida biznes boshlayotgan yoshlarga 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratiladi. Shuningdek, Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi istiqbolli loyihalarga 5 milliard so‘mgacha investitsiya kiritadi.
Bundan tashqari, “1000 ta masalaga — yoshlardan 1000 ta yechim” loyihasi doirasida har bir vazirlik va hududda innovatsion g‘oyalarni moliyalashtirish uchun kamida 10 milliard so‘mlik venchur jamg‘armalari tashkil etiladi.
Qo‘shma yig‘ilishda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar ham e’tirof etildi. Jumladan, joriy yilning o‘zida 20 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etilishi, yangi IT-Parklar barpo qilinib, 20 mingdan ziyod yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratilishi kabi tashabbuslar iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Yig‘ilishda Prezidentimizning yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida partiyaning chora-tadbirlar rejasi qabul qilindi. Unga muvofiq, “Mahallaning kreativ tadbirkor yoshlari”, “Yosh innovatorlar va texnologlar”, “Yosh muvaffaqiyatli tadbirkor”, “IT va sun’iy intellekt yetakchilari” kabi loyihalar amalga oshirilib, yoshlarning kasbiy bilimlari, tadbirkorlik ko‘nikmalari va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Bu tashabbuslar yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish, tadbirkorlikni kengaytirish hamda yoshlar faolligini oshirishga xizmat qiladi.
M.Komilova,
O‘zA