Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash doimiy eʼtiborda
Mamlakatimizda yoshlarga eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan.
Mamlakatimizda yoshlarga eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Buni ularning chuqur bilim olishi, oʻzlari tanlagan kasbda iqtidoru qobiliyatini namoyish etishiga yaratilayotgan imkoniyatlarda ham koʻrish mumkin.
Buxorolik yoshlarning ham daxldorlik hissi, tashabbuskorligi, yangilikka intiluvchanligi, yaratuvchilik ishtiyoqi, oʻzgarib borayotgan davr talablariga hozirjavobligi oshmoqda.
Viloyat hokimi Oʻktam Barnoyevning yoshlar bilan yuzma-yuz uchrashuvida ham bu jihat yaqqol namoyon boʻldi.
“Hokim va yoshlar” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda oliy oʻquv yurti talabalari, tuman va shaharlardagi umumtaʼlim maktablari va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari, sport, qishloq xoʻjaligi, tadbirkorlik sohalarida faol mehnat qilayotgan yigit-qizlar, Yoshlar ittifoqi faollari ishtirok etdi.
Oʻktam Barnoyev yosh avlodga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik haqida gapirib, 2019-yilda koʻplab maktabgacha taʼlim muassasalari va 52 ta umumtaʼlim maktabi binosi qurilgani, shuningdek, maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga mahalliy byudjetdan 48 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilganini taʼkidladi. Hukumat qarori asosida Qorakoʻl tumanida ixtisoslashtirilgan xalqaro matematika maktabi tashkil etilganini alohida eʼtirof etdi.
– Bu boradagi ishlar 2020-yilda ham davom ettirilib, Buxoro shahrida “Prezident maktabi” binosi quriladi. Sanʼat va musiqaga ishtiyoqmand yoshlar uchun Muxtor Ashrafiy nomidagi ijod maktabi tashkil etiladi. Maktabgacha yoshdagi bolalarning bogʻchalarga qamrov darajasi keskin oshadi, –dedi viloyat hokimi.
Erkin muloqot tarzida oʻtgan uchrashuvda yoshlar tomonidan koʻplab takliflar bildirildi.

– Ikki yil avval tuman hokimiga murojaat bilan chiqib, yarim gektar yer maydonida parrandachilikni yoʻlga qoʻygan edim, – deydi yosh tadbirkor Javohir Yusupov. – Hozirda broyler tovuqlari soni 10 ming boshga yetdi. Faoliyatimni kengaytirish, ozuqa bazasini mustahkamlash uchun qoʻshimcha ekin maydoni va tijorat banki krediti kerak.
Buxoro davlat universitetining jismoniy madaniyat fakulteti talabasi, “Mard oʻgʻlon” Davlat mukofoti sohibi Shahboz Bafoyev sportning texnik-amaliy turlaridan biri aviaraketamodel bilan shugʻullanadi. U Respublika va qator xalqaro musobaqalarning sovrindori. Shahboz uchrashuvda joriy yilning yozida Ruminiyada boʻlib oʻtadigan jahon chempionatida qatnashish huquqini beruvchi yoʻllanmani qoʻlga kiritganini maʼlum qildi. Safar xarajatlari, xususan, yoʻlkira masalasi muammo boʻlib turganini bildirdi.
– Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusdan biri yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, – dedi Vobkent tumanidagi 25-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi, yoshlar yetakchisi Feruza Jalilova. – Tumandagi 5 ta axborot-resurs markazi birlashtirilib, ular negizida tuman yagona kutubxonasi tashkil etildi. Bu yaxshi. Ammo chekka hududlardan bu yerga qatnov ancha noqulay. Xullas, olis qishloqlarda kutubxonaga ehtiyoj bor. “Yosh kitobxon” tanlovi dasturiga kiritilgan milliy va jahon adabiyoti durdona asarlarining ayrimlari kitob doʻkonlarida ham yoʻq. Maktablarning kitob fondini mustahkamlash kerak. Xullas, bu masalada yordam zarur.
Viloyat hokimi mazkur murojaatlar yechimida amaliy yordam koʻrsatilishini taʼkidladi.
Muloqotda shuningdek, sinov-tajriba tariqasida yozda fermer xoʻjaliklarining bugʻdoydan boʻshaydigan maydonlarining bir qismini dehqonchilikka qiziqishi boʻlgan yoshlarga ajratish taklifi bildirildi. Bu ularning takroriy ekinlar yetishtirish hisobiga oila daromadini koʻpaytirish bilan birga sohada tajriba orttirishida muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, Buxoro ixtisoslashtirilgan olimpiya maktab-internatida futbol maydoni muammoga aylangani, Qorakoʻl tumanida Yoshlar markazini barpo etish va boshqa koʻplab masalalarga doir ellikka yaqin murojaat boʻldi.
Viloyat hokimi koʻtarilgan masalalarga eʼtibor qaratarkan, ularning har biri oʻrganilib chiqilishi, hal qilinishi yuzasidan tegishli rahbarlarga topshiriqlar berdi.
Viloyat hokimi Prezidentimizning beshta muhim tashabbusi doirasida jozibali gʻoya yoki loyiha bilan chiqqan izlanuvchan yigit-qizlar 5 million soʻm miqdorida ragʻbatlantirilishi, ilm-fan va boshqa sohalarda tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan yoshlar uchun 1 million soʻm miqdorida hokim stipendiyasi taʼsis etilishini bildirdi. Shuningdek, yoshlar loyihalari va tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida viloyat hokimligining maxsus fondi tashkil etilishi qayd etildi.
“Hokim va yoshlar” uchrashuvi tumanlar va shaharlarda har 15 kunda oʻtkazilishi belgilandi. Hududlarda uzluksiz oʻtkaziladigan bunday muloqotlar joylardagi yoshlar muammolarini keng va chuqurroq oʻrganishga xizmat qiladi.