Yoshlarga yaratilgan sharoitlar ochiq muloqotda tahlil etildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosati doirasida talaba-yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda erishilayotgan yutuqlar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda so‘nggi yillarda ta’lim muassasasida talabalarning sifatli bilim olishi, ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanishi, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishi, innovatsion loyihalarda ishtirok etishi hamda sport va ijodiy faoliyat bilan muntazam shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, mazkur imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan talabalar respublika va xalqaro miqyosdagi tanlovlar, fan olimpiadalari, ilmiy loyihalar hamda nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotgani qayd etildi. Xususan, filialning 1-bosqich magistranti Shahida Qarlibayeva “Raqamli avlod qizlari” respublika tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, qo‘lga kiritgan yo‘llanma asosida ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida tashkil etilgan ta’lim sayohatida ishtirok etayotgani alohida e’tirof etildi. Shuningdek, filial talabalari tomonidan ilm-fan, innovatsiya, sport, madaniy-ma’rifiy va jamoatchilik sohalarida respublika hamda xalqaro miqyosda qo‘lga kiritilgan qator yutuqlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan filialda ta’lim sifati, xalqaro hamkorlik, ilmiy faoliyat, talabalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar yuzasidan qator savollar o‘rtaga tashlandi. Barcha savollarga mas’ullar tomonidan atroflicha javob berilib, fikr va takliflar yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Uchrashuv davomida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni jamoatchilikka tezkor, xolis va haqqoniy yetkazishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos ekani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, ta’lim muassasasi bilan ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan oliy o‘quv yurti faoliyatini xolis, tezkor va professional yoritib kelayotgan bir guruh soha xodimlari filial rahbariyati tomonidan tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.