Yoshlarga e’tibor kelajakka ishonchli poydevor demakdir
Tom ma’noda yangilanib borayotgan O‘zbekiston yangi marralar sari qadam tashlamoqda. Bu qadamlarning qutlug‘ bo‘lishi har birimizning shu yurt taqdiriga daxldorligimizni chuqur his qilishimizga ko‘p tomonlama bog‘liq.
Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasini eshitar ekanman, ham deputat, ham jurnalist sifatida yurt ertasiga, mamlakat taraqqiyotiga bevosita daxldorligim yana bir bor ko‘nglimdan o‘tdi.
Meni quvontirgan narsa shu bo‘ldiki, 2021 yil Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili, deb e’lon qilindi. Endi bir o‘ylab ko‘raylik: har bir ota-ona o‘z farzandini o‘qimishli, elu yurtga nafi tegadigan inson bo‘lib ulg‘ayishini istaydi. Buning uchun esa farzandlarimiz sog‘lom va baquvvat bo‘lishi lozim. Prezidentimiz bu muhim masalani davlat siyosati darajasiga ko‘tarayotgan ekan, albatta, buning samarasi yaqin vaqtda sezila boshlaydi. Qolaversa, chorak asrdan ortiq vaqt davomida jurnalist faoliyatimning 20 yildan ortiq davri “YOSHLAR” teleradiokanaliga to‘g‘ri keladi.
Bevosita yoshlar hayoti, ularni qiynayotgan muammolar, kelajak egalarining huquqiy savodxonligini oshirish yo‘lidagi ishlarimiz kelgusi yilda yangicha dunyoqarash, yangicha munosabat bilan davom etishi shubhasiz. Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, avvalo, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirishimiz lozim.
Bunda ta’lim tizimida tarbiya ustuvorligini ta’minlash, maktablarimizda bolalarimiz uchun bilimli, fidoyi, o‘z kasbini tom ma’noda qadrlaydigan, eng muhimi, mehnatiga yarasha rag‘batlantiriladigan pedagoglar ishlashi uchun sharoit yaratish dolzarb. Yana bir muhim jihat, Prezidentimizning aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlari ushbu yilda ham davom ettiriladi.
Davlatimiz rahbari Murojaatnomada 2021 yilda ham koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishni tizimli ravishda davom ettirish muhim vazifaligini alohida aytib o‘tdi. Bu esa har bir tibbiyot tizimi xodimiga, shifokorlarga katta mas’uliyat yuklaydi. Qolaversa, sanitariya-epidemiologiya xizmati sifatini oshirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va zamonaviy laboratoriyalar tashkil etishga 200 million dollar yo‘naltirilishi ham bu boradagi ishlar samaradorligini oshiradi.
Shu yildan boshlab 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitamin, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi. Bu jarayon bilan 2021 yilda 11 million nafar, 2022 yilda 17 million nafar aholi qamrab olinadi va bu ishlarga 100 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul ta’minlash orqali aholi o‘rtasida kamqonlik 25 foizga kamaytiriladi. Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga ham e’tibor oshiriladi.
Mamlakatimiz rahbarining aholi salomatligini ta’minlashga bu qadar katta ahamiyat berayotganining sabablari ayon. Chunki xalqi salomat mamlakatda taraqqiyot bo‘ladi, yangilanish bo‘ladi. Zotan, taraqqiyot aholi salomatligi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Murojaatnomada ijro hokimiyati, vazirlik-idoralar, hokimliklarning aholini o‘ylantirayotgan muammolarni hal etish borasidagi mas’uliyatini kuchaytirish, bu borada davlat boshqaruvini takomillashtirish, parlament, deputatlik nazoratini rivojlantirish bo‘yicha ham muhim vazifalar belgilandi.
Prezidentimiz aholini o‘ylantirayotgan muammolarni qisqa vaqtda va tizimli hal etish uchun zarurat bo‘lsa, vazirlar, hokimlarni parlamentga chaqirib eshitish, ularning oldiga masalani qat’iy qo‘yish kerakligini ta’kidladi. Parlament, deputatlar faoliyatini kuchaytirishda, mutasaddilarning xalqimiz oldidagi mas’uliyatini oshirishda mana shu yo‘nalishdagi ishlar katta ahamiyat kasb etadi, biz, deputatlar qat’iyat ko‘rsatsak, muhim amaliy natijalarni beradi, deb o‘ylayman.
Doniyor YUSUPOV,
Xalq deputatlari Qibray tumani kengashi deputati.
O‘zA