“Yoshlar ziyo maskani” – zamonaviy kutubxona ochildi
Odatda an’anaviy kutubxonada minglab kitoblar va shug‘ullanish uchun o‘rin-joylar bo‘ladi. Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida tashkil etilgan kutubxona – “Yoshlar ziyo maskani” sal o‘zgacha. Ya’ni ixcham maydonga ega xonada kitobu Wi-Fi hamda elektron jihozlar mavjud. Gap shundaki, bu yer Hitek usulida tashkil etilgan. Ziyo maskanining ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy, ilmiy-ommabop, bolalar adabiyoti kabi bo‘limlarida 500 dan ortiq nomdagi kitoblar bor. Asosiy fond esa yuklama zaxirada. Unga 1500 dan ziyod adabiyotlarning elektron nusxasi joylashtirilgan. Kitobxonlar ularni telefon yoki noutbuklariga bepul ko‘chirib olishlari va o‘zlariga qulay sharoit hamda vaqtda o‘qishlari mumkin.

Yangi ma’rifat maskani foydalanishga topshirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Sherzodjon Polvonov, tuman hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda jamoatchilik vakillari, turli yoshdagi kitobxonlar ishtirok etdi.

Ziyo maskani tuman markazida, aholi gavjum joyda tashkil etilganining boisi kitobxonlarga yanada qulaylik yaratish, yoshlarni kitobxonlikka keng jalb etishdir.
Muhammadjon Obidov, O‘zA