Yoshlar yetakchisi – aholining yaqin ko‘makchisi
Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi «Bog‘chakalon» mahallasida kunlarda samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunda mahallada tayinlangan yoshlar yetakchisining ham o‘z o‘rni bor.

Mahallada 3 ming 197 nafar kishi istiqomat qiladi. Hudud yoshlarining 200 nafari sport bilan shug‘ullanishga jalb etilgan. Mahalla o‘yingohida har kuni sport mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Sportning har bir turida chiniqqan yoshlar tuman bo‘ylab o‘tkaziladigan turli musobaqalarga jalb etilib, mahalla sha’nini himoya qiladi.
– Joriy yil 21 yanvardan «Bog‘chakalon» mahallasi yoshlar yetakchisi lavozimiga kirishdim, – deydi Ulug‘bek Ergashev. – Bu insonga o‘zgacha mas’uliyat yuklar ekan. Ertayu kech mahalladagi insonlar taqdiri haqida o‘ylayman. Faoliyatimga chuqurroq kirishar ekanman, tizimda hali qilinadigan ishlar ko‘p ekanligini angladim.

Birinchi oldimda turgan vazifam mahallada 17 nafar imkoniyati cheklangan va 67 nafar ishsiz yoshning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga va tadbirkorlikka yo‘naltirish. Yaqinda mahallamizda yashovchi «Yoshlar daftari»ga kiritilgan Nilufar Shodiyevaga subsidiya asosida inkubator berildi. Umid qilamanki, bu imkoniyat Nilufar uchun katta ishlar qilishida debocha bo‘lib xizmat qiladi.
Hokim yordamchisi tashabbusi bilan hududdagi ikki nafar yosh Toshkentning so‘lim Bo‘stonliq tumanidagi sog‘lomlashtirish oromgohiga yuborildi. Ayni kunlarda yozgi ta’til oromgohlariga maktab yoshidagi bolalar ro‘yxati shakllantirilmoqda.

– Mahallada dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud, – deydi U.Ergashev. – 35 nafar yoshga dehqonchilik bilan shug‘ullanishi uchun yer ajratdik. «Yoshlar daftari»ga kiritilgan Sheroz Parmonov, Farrux Normamatovga inkubator va payvandlash uskunalari topshirildi. Endi ularga o‘z ishini yo‘lga qo‘yib, mutaxassislardan ko‘nikma, yo‘l-yo‘riq olishlari uchun o‘quv-mashg‘ulotlari tashkillashtiryapmiz.
Har bir mahallada o‘qishni, ishlashni xohlaydigan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga ishtiyoqmand yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularga kerakli va zarur ko‘nikmalar berilsa, yoshlar o‘z orzu-maqsadlariga erishadi. Bu yo‘lda har bir mahallada zahmatkash, fidoyi va halol yoshlar yetakchisi bo‘lsa kifoya.
Dilobar Mamatova, O‘zA muxbiri