Yoshlar xuquqlarini kafolatlagan qomus
8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 45-moddasi.
O‘zbekiston Respublikasi aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. bugungi kunda yurtimizning har bir fuqarosi, ayniqsa, yoshlar Konstitutsiyani hamda unda belgilangan o‘z haq-huquqlari, burch va majburiyatlarini yaxshi bilishi lozim. Bosh Qomusimizda yoshlar, voyaga yetmaganlar hamda bolalarning ham barcha turdagi shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy hamda ijtimoiy huquq va erkinliklari kafolatlab qo‘yilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41, 45, 64, 65-moddalarida voyaga yetmaganlar huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari mustahkamlangan bo‘lib, ushbu moddalar voyaga yetmaganlarga oid normativ-huquqiy hujjatlar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlari doktori Feruza MUHIDDINOVA bilan suhbatimiz Bosh qomusimizda yosh avlod huquqlarini himoya qilish masalalarining ifoda etilishi hamda mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida bo‘ldi.
– So‘nggi yillarda yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingan bo‘lsa, mamlakatimizda 30 iyun – Yoshlar kuni, deb e’lon qilindi, – dedi F.Muhiddinova. – Turli sohalarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan fidoyi yoshlarimizni rag‘batlantirib borish maqsadida «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti va «Kelajak bunyodkori» medali ta’sis etildi.
2020 yil 30 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Prezidentimizning 2021 yil 13 iyuldagi farmoniga ko‘ra, «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning davlat oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan farzandlariga 2021/2022 o‘quv yilida birinchi o‘quv yili uchun to‘lov-kontraktning to‘liq summasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilmoqda.
2021 yil 1 sentyabrdan boshlab respublikadagi oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar uchun Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi miqdorida va o‘qish muddati tugagandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida ta’lim kreditlari berilayotir.
“Temir daftar» va «Ayollar daftari»ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga yangi turmush qurayotganida o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurishi uchun 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratilmoqda. Shuningdek, yosh oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida ipoteka dasturi doirasida boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlari bo‘yicha qo‘shimcha 2 mingta yosh oilaga uy-joy sotib olishi uchun subsidiya ajratilayotganining o‘zi yoshlarimiz huquq va erkinliklarini ta’minlagan Konstitutsiya va qonunlarning amaliy ifodasidir.
– Konstitutsiyamizda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘libgina qolmay, o‘z hududida va uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarining huquqiy himoyasini ta’minlaydi. Hayotimizda bu tamoyil nimalarda namoyon bo‘lmoqda?
– Darhaqiqat, Konstitutsiya mamlakatda oliy yuridik kuchga ega. Bu borada kutilmagan sinovlar – pandemiya sharoitida yurtimizdan xorijga mehnat qilish uchun chiqib ketgan fuqarolarimizni yurtimizga qaytarilgani, ular uchun maxsus, alohida avia qatnovlari qo‘yilganini xalqimiz unutgan emas.
Infeksiya bilan kasallanish darajasi yuqori bo‘lgan davlatlardan kelgan fuqarolar 14 kunlik karantinga joylashtirilib, tibbiy yordam ko‘rsatilganining o‘zi oliy qadriyatdir. Bu esa Konstitutsiyaning 24-moddasida qayd etilgan yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir.
Ikkinchidan, Yangi O‘zbekistonda har bir inson adolatli sharoitda yashashi ta’minlansagina, uning davlatga va qonunlarga hurmati oshadi. Shu bois ham, har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari» shakllantirilganidan barchamiz xabardormiz. Chunki uning ortida inson taqdiri yotadi. Unga ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor bo‘lgan ishsiz yoshlar va xotin-qizlar kiritildi. Buning natijasida ular bilan tizimli, manzilli ish yo‘lga qo‘yildi. Hatto bugun oliy ta’lim tizimida o‘qiyotgan talaba-yoshlar uchun ham “Yoshlar daftari” yuritiladi.
Ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarning farzandlariga alohida e’tibor qaratilganining o‘zi qadriyat va Konstitutsiya bergan huquqdir. Jumladan, bu borada Prezidentimizning “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 16 yoshga to‘lmagan bolalariga, nogironligi bo‘lgan 16 yoshga to‘lmagan bolalarga hamda «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning 16 yoshga to‘lmagan bolalarning har biriga 500 ming so‘mdan pul tarqatilgani qadriyatlarimizning konstitutsiyaviy himoyasidir.
– “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” bo‘yicha ham samarali ishlar qilinmoqda. Aytingchi, “Yoshlar daftari”da qanday maqsadlar mujassam etilgan?
– 14-30 yosh qatlamidagi yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritilishi bilan birga, ularning ta’lim-tarbiyasi uchun ajratilayotgan moddiy ko‘mak ham har bir o‘zbekistonlik yoshning qadrini ko‘targan adolatparvar siyosatning konstitutsiyaviy asosi deyish mumkin.
Shuningdek, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, agar ish beruvchi kasb-hunar kolleji bitiruvchisini ishga olsa, unga ijtimoiy soliqni to‘lamaslik bo‘yicha imtiyoz berilgan. Bir vaqtning o‘zida abituriyentlar beshta oliy ta’lim muassasasiga test imtihonlarini topshirishi ham yangilik.
Quvonarli tomoni shundaki, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 13 apreldagi tegishli qaroriga ko‘ra, Xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yoshlarimizga imtihonlar xarajatlari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘liq qoplab beriladi. Bunda imtihon topshirgan shaxs xarajatlarni qoplash bo‘yicha arizani Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron tarzda topshirib, IELTS – 7 ball, TOEFL – 95, GMAT – imtihon natijalarining har biri bo‘yicha 75 foiz, GRE – imtihon natijalarining har biri bo‘yicha va SAT – 1200 ball to‘plagan bo‘lsa, albatta, bu xarajatlar qoplanadi. O‘quv kurslarida o‘qish uchun to‘langan xarajatlar uchun ham imtiyozlar yaratilayotgani yoshlarimizga katta imkoniyatdir.
– Prezidentimizning 2020 yil 13 oktyabrdagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, maxsus sertifikat olgan yoshlarni qo‘llash bo‘yicha vazifalar belgilangan. Bu qanday tartibda amalga oshiriladi?
– Ushbu qarorga asosan maxsus sertifikat olgan yoshlarga «Mikrokreditbank» tomonidan tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlarga o‘z biznesini tashkil etish uchun 33 million so‘mgacha bo‘lgan kreditlar ta’minotsiz ajratiladi. Joriy yilning 1 oktyabridan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan, deb e’tirof etilgan oilalar va shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar manfaatdor vazirlik va idoralarga “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etishning yo‘lga qo‘yilishi fuqarolarimizga bo‘lgan e’tiborni har qanday sansolarlikdan xalos etishga keng yo‘l ochdi.
Mazkur tamoyilning konstitutsiyaviy asosi Konstitutsiyaning 39-moddasida belgilanganidek, “Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega. Pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas.”
– Inson hayotida yashash joyini gohida o‘zgartirishi mumkin. Bu huquq Bosh qomusimizda qanday normalar bilan belgilangan?
– Albatta, bu tabiiy jarayon. Avvalo, bu inson haq-huquqlari bilan bog‘liqdir. Shu sababli, ushbu holatlar ham Konstitutsiyada o‘z ifodasini topgan. Unga ko‘ra, ya’ni 28-moddada qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish huquqiga ega. O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklariga bo‘lgan munosabatning xalqaro e’tirofi sifatida men, mamlakatimizni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga a’zo bo‘lganida ko‘rar ekanman, shuni faxr bilan ta’kidlashni istardimki, bugun yurtimizda amal qilayotgan probatsiya instituti insonparvarlik tamoyilining yangi bosqichiga ko‘tarilgan davridir.
O‘z navbatida, yoshlar ham Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan burch va majburiyatlarini bajarishlari lozim. Unga ko‘ra, yoshlar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etish, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, shuningdek, O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini asrab-avaylashga majburdirlar. Konstitutsiyamizning 52-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA
suhbatlashdi.