Yoshlar uchun tajriba va imkoniyatlar maydoni
O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yosh fermerlar maktabi” loyihasi doirasida bir guruh ko‘ngilli yoshlar Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markaziga tashrif buyurishdi.
Tashrifning asosiy maqsadi yoshlarning qishloq xo‘jaligi sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni zamonaviy agrotexnologiyalar, innovatsion yondashuvlar hamda ilg‘or tajribalar bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Mazkur loyiha doirasida tashkil etilayotgan o‘quv-seminarlar yoshlarni fermerlikka qiziqtirish, ularning tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligida samarali faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan amaliy bilimlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Intensiv dastur davomida ishtirokchilarga bozor talabiga mos mahsulotlar yetishtirish, yer resurslaridan oqilona foydalanish, agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri tashkil etish, mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash, marketing hamda sotuv strategiyalari bo‘yicha tushunchalar berildi.
Tadbirda Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi mutaxassislari tomonidan bu yerda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, fermerlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan yoshlarga tuproq tarkibi va sifatiga qarab ekin turlarini tanlash, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash, o‘simliklarni parvarishlash, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish, hosildorlikni oshirishning zamonaviy usullari, tomorqachilik, bog‘dorchilik hamda baliqchilik sohalari bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Seminarning e’tiborli jihatlaridan biri shundaki, nazariy bilimlar amaliy misollar bilan mustahkamlandi. Yoshlar innovatsion issiqxonalar, ko‘chatchilik maydonlari va tajriba uchastkalari bilan tanishib, yuqori hosildorlikka erishishda innovatsiyalarning ahamiyatini yaqindan ko‘rdilar. Mutaxassislar tomonidan raqamli texnologiyalardan foydalanish, iqlim o‘zgarishlariga moslashgan qishloq xo‘jaligi usullari hamda eksportbop mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha ham qiziqarli ma’lumotlar taqdim etildi.
– Men ikki yildan buyon Shumanay tumanida xonadonimiz yonidagi 6 sotix yer maydonda bog‘dorchilik bilan shug‘ullanib kelaman. Seminar davomida bog‘ni yanada rivojlantirish, mahsulotlar sifati va hosildorligini oshirish bo‘yicha ko‘plab yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Ayniqsa, tuproq tahlili asosida o‘g‘itlash, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari va meva daraxtlarini to‘g‘ri parvarishlash bo‘yicha berilgan tavsiyalar men uchun juda foydali bo‘ldi. Olgan bilimlarimni amaliyotga tatbiq etib, bog‘dorchilik faoliyatimni yanada kengaytirishni maqsad qilganman, – deydi tadbir ishtirokchisi, talaba Feruza Serbayeva.
Ta’kidlash joizki, “Yosh fermerlar maktabi” loyihasi qishloq xo‘jaligi sohasida bilimli, tashabbuskor va zamonaviy fikrlaydigan yoshlar qatlamini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bunday amaliy seminarlar orqali yoshlar nafaqat sohaga oid bilimlarini boyitmoqda, balki kelajakda o‘z fermerlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Shu jihatdan mazkur tadbir yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri