Yoshlar uchun katta imkoniyat
Fermer xo‘jaliklari ixtiyoridagi yerlardan 10 foizi yoshlarga, har biriga 10 sotixdan 1 gektargacha ajratib berilayotgani yoshlar va ularning oila a’zolari bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Eng muhimi, yoshlarga ajratilgan yerlar ikkilamchi ijara shartnomasi asosida rasmiylashtiriladi. Chunki, keyinchalik bir konturdagi yoshlar ixtiyoriy kooperativga birlashishlari mumkin. Bu borada katta muammo – yer olish istagida bo‘lgan ko‘plab ishsiz yoshlarning dehqonchilik sohasida yetarli bilim va tajribaga ega emasligi. Shu bois joylarda yer ajratilgan yoshlarga ko‘mak berish uchun tajribali dehqonlar, fermerlar ixtiyoriy biriktirilmoqda, dala sharoitida ko‘rgazmali seminarlar tashkil etilayapti.
Hozirgi vaqtda yoshlarga yer ajratish jarayoni o‘tgan yili amaliyotga kiritilgan Yer kodeksidagi yerni ikkilamchi ijaraga berish borasida qonunga kiritilgan o‘zgarishlar, Hukumat tasdiqlagan vaqtinchalik tartib va boshqa me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solinmoqda.
Kooperativ a’zolari munosabatlarini tartibga solish uchun "Qishloq xo‘jaligi kooperativlari" to‘g‘risidagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi. Shu yil 3 mart kuni qizg‘in muhokamalar asosida mazkur Qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual ma’qullandi. Endilikda quyi palataning deputatlari ikkinchi o‘qishda qabul qilishga tayyorlashadi.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi yoshlarga yer ajratish jarayonida huquqiy maslahat berish masalasida yordam ko‘rsatmoqda.
Yer olgan yoshlar kooperativga birlashib, mahsulot yetishtirish jarayonida hamkorlikda ishni tashkil qiladi, qonunlarimizda belgilangan tartibda ishsiz yosh sifatida belgilangan tartibda subsidiya mablag‘ini olish huquqiga egadir. Shuningdek, mahsulot yetishtirish, ekinlarni parvarishlash bilan bog‘liq xarajatlarni birgalikda amalga oshiradi, belgilangan tartibda soliq to‘laydi, olingan daromad ham kooperativ ustaviga muvofiq tasarruf etiladi.
Eng muhimi, ikkilamchi ijara huquqi asosida yer olib, kooperativga birlashgan yoshlarga ularning huquqlari buzilgan taqdirda joylardagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huquqshunos mutaxassislari amaliy yordam ko‘rsatyapti.
Yana bir gap, yoshlarga ajratilayotgan yerlar aksariyat hududlarda fermerlar tomonidan ekishga tayyorlab berilayotgani, yoshlarning yashash joyiga yaqin, suv ta’minoti va unumdorligi yaxshi yerlardan ajratilayotganidan ularning ota-onalari ham mamnun.
Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan boshlangan mazkur amaliyot yurtimizdagi bir millionga yaqin yoshlar uchun ish joyi va yaxshigina daromad manbai bo‘lishiga shubha yo‘q.
A.Xaitov,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi.
O‘zA