Yoshlar uchun ibrat maktabi
Asaka tumanidagi 57-umumta’lim maktabida “Xotira – muqaddas, xotira – sharaf” mavzusida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda “Nuroniy” uyushmasi tuman bo‘linmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda uzoq yillar turli sohalarda samarali mehnat qilgan bir guruh mehnat faxriylari, umumta’lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda maktab direktori Obidaxon Hakimova va boshqalar yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan, katta hayot tajribasiga ega otaxon va onaxonlar xonadon va mahallalarimiz ko‘rki, fayzi, ularning umr yo‘llari esa yoshlar uchun ibrat maktabi ekanligini ta’kidladi.
Tadbirda ichki ishlar tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, iste’fodagi militsiya podpolkovnigi Orifjon Yuldashev o‘zining ibratli hayot yo‘li, kasbiy faoliyati haqida ishtirokchilarga xotiralarini so‘zlab berdi.

– Har bir inson, avvalo, fidoyi, vatanparvar, yurtga sadoqatli bo‘lishi kerak. Shundagina u qaysi sohada bo‘lmasin yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan inson bo‘ladi. Ishonch bilan ayta olamanki, bugungi shijoatli yoshlarimiz ana shunday insonlar bo‘lib kamol topadi, – deydi mehnat faxriysi Obidjon Yuldashev.
Shuningdek, tadbirda Vatanimiz mustaqilligi himoyasi yo‘lida jon fido etgan mard o‘g‘lonlarimiz xotirasini yod etish, bugungi kunda oramizda sog‘-salomat yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylari, nuroniy vatandoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, inson sha’ni va qadrini ulug‘lash har birimiz uchun ham qarz, ham farz ekanligi, qolaversa, yurtimiz yoshlari puxta bilim olishi, yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanishlari muhim ekanligi aytib o‘tildi.

– Tadbirda yuksak insoniy fazilatlar, insonni ulug‘lash, keksalarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish haqida ibratli xotiralarni, hayotiy hikoyalarni eshitdik, – deydi 11-sinf o‘quvchisi Yusufjon Iminov. – Ana shu xotiralar, hikoyalar biz o‘quvchilar uchun ibrat maktabidir.
Tadbirda harbiy orkestr ijrosidagi kuylar, sportchi yoshlarning ko‘rgazmali chiqishlari, o‘quvchi yoshlar tomonidan namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.