Yoshlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi
Guliston tumanida yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish va mehnat bozoridagi imkoniyatlardan samarali foydalanishiga ko‘maklashish maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Soyibobod mahallasida joylashgan 2-son texnikum (sobiq Agrotexnologiyalar kolleji) binosida o‘tkazilgan tadbirda ish izlayotgan yoshlar, ish beruvchi korxonalar hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Mehnat yarmarkasi Guliston tumani hokimligi, Sirdaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi, Migratsiya agentligi hamda tuman bandlik bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbir davomida yoshlarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berilib, ishga joylashish imkoniyatlari, kasb-hunar o‘rganish, elektron platformalardan samarali foydalanish hamda qonuniy tashqi mehnat migratsiyasi yo‘nalishlari bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga “Osonish” va “Mening ishim” elektron platformalari orqali bo‘sh ish o‘rinlarini izlash, rezyume joylashtirish va o‘z malakasiga mos ish topish imkoniyatlari haqida amaliy tavsiyalar berildi.

Yarmarkada viloyat va tuman hududida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar tomonidan 500 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. Bu esa yoshlarga o‘z qiziqishi va kasbiy ko‘nikmalariga mos ish topish uchun keng imkoniyat yaratdi.
Tadbir yakuniga ko‘ra, 6 nafar ishsiz yoshga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi, 25 nafar fuqaroning rezyumesi “Osonish” elektron platformasiga joylashtirildi. Shuningdek, 10 nafar ishtirokchiga kasb-hunar o‘qishi uchun bepul vaucherlar topshirildi.

Umuman, mehnat yarmarkasida ishtirok etgan 65 nafar yosh ishga joylashish, kasb egallash va kelgusi faoliyatini belgilash bo‘yicha zarur ma’lumot hamda amaliy ko‘makka ega bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA