Yoshlar tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Sirdaryo viloyat hamda Oqoltin tuman Kengashlari hamkorligida tuman yoshlari ishtirokida targ‘ibot-tashviqot tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur tadbir yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, startap g‘oyalarini shakllantirish va rivojlantirish, innovatsion loyihalarni amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan yoshlarga moliyaviy va huquqiy maslahatlar berish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Elyor Jo‘rayev “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “Kreativ tadbirkor yoshlar” loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uning ta’kidlashicha, mazkur loyiha oddiy tashabbus emas, balki yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni real biznes muhitiga tayyorlash hamda startaplarni rivojlantirishga qaratilgan samarali platforma hisoblanadi. Kelgusida ushbu loyiha qamrovini yanada kengaytirish, yoshlarni moliyaviy, huquqiy va mentorlik jihatdan qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish orqali ularning biznes g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlarini yanada oshirish rejalashtirilgani qayd etildi.

Tadbir doirasida, shuningdek, “Farovon oila” aksiyasi ham tashkil etildi. Unda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati, gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hamda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi. Shu orqali jamiyatda oila instituti barqarorligini mustahkamlash, ijtimoiy faollikni oshirishga xizmat qiluvchi amaliy taklif va yondashuvlar ilgari surildi.
Umuman olganda, mazkur tashabbuslar yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy va ijtimoiy faolligini oshirish, shuningdek, jamiyatda barqaror rivojlanish va farovonlikni ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
G‘ulom Primov, O‘zA