Yoshlar parlament faoliyati bilan tanishdi
Mamlakatimizda yoshlar masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida ahamiyatga ega. Yurtimizda kechayotgan demokratik yangilanishlar jarayonida yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish, ularni qonun ijodkorligi tizimi bilan yaqindan tanishtirish, jamiyat boshqaruvi va siyosiy jarayonlarga nisbatan daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish muhim hisoblanadi.
“Yoshlar kuni” munosabati bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi markaziy apparati mas’ul xodimlari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Muloqotda asosiy e’tibor yoshlarning siyosiy faolligini oshirish, ularning fikr va takliflarini bevosita eshitish hamda istiqbolli kadrlarni partiyaviy tizimga, siyosiy jarayonlarga jalb etishga qaratildi.
“Adolat” SDP fraksiyasi rahbari o‘rinbosari Muhammadjon Valiyev parlament quyi palatasi qoshida faoliyat yuritayotgan “Yoshlar parlamenti” haqida yoshlarga batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, fraksiya tomonidan ishlab chiqilayotgan qonun loyihalarida ijtimoiy adolat tamoyillarining aks etishi, jamiyat rivojida siyosiy partiyalarning o‘rni va “Yoshlar qanoti”ning istiqboldagi rejalari, ta’lim va ilm-fan sohasidagi islohotlarning huquqiy asoslari borasida yoshlarga batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, “Alfraganus” universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Mo‘minjon Xo‘jayev, partiya fraksiyasi a’zolari Shuhrat Yakubov hamda Manzura Salimova yoshlarning intellektual salohiyatini siyosiy maydonda namoyon etish imkoniyatlari haqida o‘z mulohazalarini bildirdi.
Muloqot davomida talabalar qonunlarning qabul qilinish jarayoni, deputatlik so‘rovlarining samaradorligi va yoshlar bandligini ta’minlashga oid huquqiy mexanizmlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.

Tadbir davomida yoshlar parlament faoliyati bilan yaqindan tanishtirilib, ular uchun Qonunchilik palatasi binosi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Yoshlar "Xalq uyi" kutubxonasi va muzeyida bo‘lib, o‘zbek davlatchiligi va parlament tarixiga oid nodir manbalar bilan tanishdilar. Shuningdek, yalpi majlislar zalida eng muhim siyosiy qarorlar qabul qilinadigan muhitni bevosita o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, his qildilar.
Bu kabi uchrashuv va tadbirlar talaba-yoshlarda siyosiy-huquqiy bilimlarni mustahkamlash bilan birga, siyosiy yetakchilik, tashabbuskorlik sifatlarini shakllantiradi, siyosiy jarayonlarga nisbatan qiziqishlarini oshiradi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA