Yoshlar o‘qib, dunyoni o‘zgacha ko‘rishadi
Sirdaryo viloyatida yoshlar uchun 3000 ga yaqin badiiy va ilmiy-ommabop kitoblar yetkazildi. Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Kitoblar karvoni”ning ilk manzili Yangiyer shahridagi 2-umumta’lim maktabi bo‘ldi.
Mazkur kitoblar nafaqat maktab xonalarida, balki tuman va shahar markazlari hamda mahallalarda ham tarqatiladi. Ular yoshlarning fikr yuritish qobiliyatini rivojlantirish, ma’naviy boyligini oshirish va mutolaaga qiziqishini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ozod Egamov kitoblarni maktabga topshirish marosimida so‘zga chiqib, kitobning insoniyat tafakkurining eng kuchli quroli ekanini ta’kidladi.

– Kitoblar faqat maktabda o‘qiladigan narsa emas, balki butun shaharda yoshlarning fikrlarini boyitadi, ularni mustaqil fikrlay oladigan va ijtimoiy faol shaxslar etib kamol toptiradi, – dedi boshliq o‘rinbosari.
Egamov shuningdek, o‘quvchilarga “Mutolaa” platformasi haqida ma’lumot berdi. Unda elektron kitoblar, interaktiv ilmiy materiallar va zamonaviy ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlari mavjud. Bu platforma yoshlar uchun mutolaani yanada qiziqarli va samarali qiladi.

Ekspertlar ta’kidlashicha, badiiy va ilmiy adabiyotlar yoshlarning fikrini kengaytirib, ularni zamonaviy bilimlar bilan boyitadi. Mutolaa madaniyati rivojlangan yoshlar mustaqil qaror qabul qilish, ijtimoiy faollik va innovatsion fikrlash qobiliyatlarini mustahkamlashadi.

“Kitoblar karvoni” tashabbusi viloyatdagi barcha maktab va madaniy muassasalarda davom etishi ko‘zda tutilgan.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri