Yoshlar nega jinoyatga qo‘l urmoqda
Mamlakatimizda jinoyatchilik va uni keltirib chiqaruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Ayniqsa yoshlarning huquqbuzarlik va jinoyat yo‘liga kirib ketishlarining oldini olish eng muhim masalalardan biridir.
Bugun jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining yoshlar o‘rtasida kuzatilayotgani achchiq haqiqat. Farg‘ona viloyatida jinoyat ishlari bo‘yicha shahar-tuman sudlari tomonidan joriy yilning o‘zida 1 ming 993 nafar yoshlarga nisbatan 1 ming 663 ta jinoyat ishi sudlar tomonidan mazmunan ko‘rib hal etilgan. Shundan 181 nafarini voyaga yetmaganlar tashkil etgan.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy kengashi tashabbusi bilan Farg‘ona viloyat sudi, viloyat ma’muriy sudi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat bo‘limi hamkorligida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikni barvaqt oldini olishga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda probatsiya guruhi hisobida turgan va jazo o‘tayotgan yoshlar ittifoqi tomonidan kafillikka olingan yoshlar, voyaga yetmaganlar, jinoyatga moyilligi bor yoshlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Muloqotda viloyat sudining raisi Shuhrat Kamolov yoshlarni turli salbiy illatlardan, huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishiga olib keluvchi tahdid va omillardan asrash, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, ertangi kunimizga befarq bo‘lmaslik barchamizning fuqaroviy burchimiz ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, huquqbuzarlik yoki jinoyatni bir qismi tayinli bir ish joyiga ega bo‘lmagan yoshlar tomonidan sodir etilayotgani, bunday shaxslar tomonidan huquqbuzarlik sodir etilishini oldini olishda aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini aytib o‘tdi. Xususan, jinoyat sodir etgan yoshlarning mashg‘uloti tahliliga ko‘ra, sudlangan yoshlarning 1 ming 578 nafari yoki 79,1 foizini ishsiz yoshlar tashkil etishi, albatta achinarli holdir.

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy kengashi raisining o‘rinbosari Alisher Jalilov yoshlarning ma’naviyatini oshirish va kasbga o‘rgatish bilan band qilib, ularning ma’naviy dunyosini boyitish masalasiga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini, shuningdek, kitob o‘qishni targ‘ib qilish, san’atni rivojlantirish, yoshlarning iqtidorini namoyon etish, sportga qiziqtirish, ular o‘rtasida har xil tanlovlar, musobaqalar o‘tkazish, muayyan ish bilan band qilish jinoyatlarning kelib chiqishini oldini olishga asosiy omil bo‘lishini tushuntirib o‘tdi.
Ochiq tarzdagi muloqotda ayrim yoshlarning sodir etgan jinoyati xususida ham so‘z yuritildi. Jazoni o‘tashda qo‘yilgan talablar yuzasidan mulohazalar bildirildi. Yoshlar qilgan jinoyatlari bilan ota-onalarining yuzlarini yerga qaratib qo‘yishgani, mahallada va oshna-og‘aynilari o‘rtasida ham uyalib qolishgani xususida so‘z bordi. Muloqot davomida yoshlarni qiziqtirgan savollariga javob berildi, ota-onalarning ham fikr-mulohazalari tinglandi.
Tadbir so‘ngida Sudyalar Oliy kengashi tomonidan yoshlarga badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
M.Sulaymonov, O‘zA