Yoshlar masalasi doimiy e’tiborda
O‘zLiDeP Karmana tumani kengashi tashabbusi bilan “Yoshlar masalasi jamoatchilik nazoratida” loyihasi doirasida tuman hududida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan navbatdagi jamoatchilik nazorati eshituvi tashkil etildi.
Hududlarda o‘tkazilayotgan jamoatchilik nazorati tadbirlari natijasida aholini qiynab kelayotgan og‘riqli muammolar xalq vakillari bo‘lgan deputatlar tomonidan chuqur o‘rganilib, mutasaddi tashkilotlarning bu boradagi hisobotlari eshitilmoqda hamda tizimli ravishda ijobiy hal qilinmoqda.

Jamoatchilik nazorati eshituvida deputatlar tomonidan tuman hokimining o‘rinbosari Elyor Kenjayevning hisoboti tinglandi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda tumanda yoshlar va voyaga yetmaganlar orasida sodir etilgan jinoyatlar oshgan. Garchi 2021-yilda tumanda umuman jinoyat sodir etilmagan bo‘lsada, ammo 2022-yilda 7 ta, 2023-yilda esa 9 ta jinoyat sodir etilgan.
2024-yil avvalida yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning sabablari o‘rganilib, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning 2 oyi davomida voyaga yetmagan yoshlar o‘rtasida birorta jinoyat sodir etilmadi. Bunga sabab umumta’lim maktablarida o‘quvchilar davomadining Milliy gvardiya xodimlari tomonidan nazorat qilinayotgani hamda maktab va ota-ona hamkorligining yo‘lga qo‘yilganligidir.

Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yilning yanvar-fevral oylarida umumta’lim maktablari o‘quvchilarining davomadi 80 foizni, joriy yilda esa bu ko‘rsatgich 99,7 foizni tashkil etmoqda.
Yig‘ilishda ko‘rilgan masala yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar umumlashtirilgan holda Xalq deputatlari Karmana tuman kengashining doimiy komissiyasiga taqdim etildi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri