Yoshlar manfaatlarini himoya qilish — muhim masala
Mamlakatimizning kelajagi bo‘lmish yoshlarimizni har tomonlama yetuk, bilimli, salohiyatli shaxs, komil inson sifatida tarbiyalashga o‘ziga xos tarzda, zamonaviy usullar asosida yondashilmoqda.
Ularning barcha huquq va erkinliklari, imkoniyat va manfaatlarini himoya qilishda tashkiliy-huquqiy asoslar zamon bilan hamnafas takomillashib bormoqda.
Prezidentimiz Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda yosh avlod taqdiri uchun mas’uliyatni yanada oshirish borasida Asosiy qonunimizga muhim qoidani kiritishni taklif etdilar: “Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarzi tamoyillari asosida ma’naviy va axloqiy yetuk insonlar etib tarbiyalash uchun zarur sharoitlarni yaratadi”.
Shuningdek, Konstitutsiyamizga “Ota-onalar o‘z farzandlari voyaga yetguniga qadar ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lig‘i, to‘laqonli va barkamol rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish huquqiga ega va bunga majburdir”, degan me’yor ham taklif etildi.
Men bu takliflarni nafaqat deputat, balki bir ona sifatida ham qo‘llab-quvvatlayman. Bunda har bir oila, ota-ona o‘z farzandining sog‘lig‘i, uning o‘z vaqtida tibbiy profilaktikaga, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalariga rioya etishini yoshligidan o‘rgatib, tarbiyasiga singdirib borsa, ta’lim olishi va kelajagi bo‘yicha qayg‘ursa, shu bilan kelajakda yurtning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligiga katta hissa qo‘shgan bo‘lar edi.
Yurtimiz yoshlar mamlakati bo‘lib, O‘zbekiston aholisining qariyb 64 foizini yoshlar tashkil etadi. Yoshlar barcha davrlarda jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etib kelingan. Sharq Uyg‘onishi davrida ham, jadidlar faoliyatida ham jamiyatning yangilanishida yoshlarning o‘rni beqiyos bo‘lgan. Shu bois, mustaqil fikrlaydigan, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalashga qaratilgan davlat siyosati yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish, ularning intellektual, ijodiy salohiyatlarini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratishni ko‘zlaydi.
Bu borada har bir ota-ona, har bir xonadon, har bir mahalla farzandlar ta’lim-tarbiyasini eng asosiy vazifa sifatida bilib, yoshlarni xalqimizga yot va yangi avlod ongi uchun zararli bo‘lgan salbiy ta’sirlardan himoya qilish, millat va davlat taraqqiyotini dunyo hamjamiyatiga ko‘rsatishga qodir bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalashi ham qarz, ham farzdir. Zero, inson hayoti odob-axloq, ta’lim-tarbiya bilan bevosita bog‘liq.
Qizilgul Qosimova,
Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati
O‘zA