Yoshlar ittifoqi faoliyati sarhisob qilindi
Navoiy shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyat Kengashi tomonidan 2025 yil davomida amalga oshirilgan ishlar natijalariga bag‘ishlangan sarhisob tadbiri tashkil etildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining jami 72 ta boshlang‘ich tashkilotlari bo‘lib, o‘z atrofiga iqtidorli va iste’dodli viloyat yoshlarini birlashtirgan. Hozirda 5 nafar oliy ta’lim muassasalari yetakchisi, 47 nafar yo‘nalish va fakultet koordinatorlari, 555 nafar guruh koordinatorlari, 28 nafar professional ta’lim muassasalari yetakchisi, 108 nafar guruh va yo‘nalish koordinatorlari, 19 nafar harbiy qism va boshqarmalari yetakchisi, 76 nafar sardorlar, 20 nafar yirik korxona va tashkilotlar yetakchisi hamda 80 nafar koordinatorlar faoliyat yuritib kelmoqda.
– Yakunlanayotgan yilda kengashimiz tomonidan bir qator loyihalar amalga oshirildi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyat Kengashi raisi Jonibek Jumayev. – O‘tgan davr mobaynida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, iqtidor va iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlash, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida 50 ta yirik loyiha, 770 dan ortiq ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari tashkil etilib, 210 ming nafarga yaqin yosh qamrab olindi. Birgina oktyabr-noyabr oylari davomida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Talabalar forumi” doirasida “Shaxmat” musobaqasi, “Zukko kitobxon”, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Munozara” intellektual o‘yinlari tashkil qilindi. Bundan tashqari, “Talabalar shou”, “Rahbar va yoshlar”, “Ittifoq billur kubogi”, “Milliy feshion shou” kabi tadbir hamda loyihalar amalga oshirildi.
[gallery-26926]
Shuningdek, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Milliy armiya – ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida harbiy vatanparvarlik festivali, “Ajdodlar izidan”, “Kibersport”, “Ittifoq kubogi” uchun “Mini futbol”, “Vatanparvarlik karvoni”, “Ochiq eshiklar kuni” , “Harbiy qismda bir kun”, “Mard askar yoshlarga namuna”, “Uch avlod uchrashuvi”, “Qo‘mondon va yoshlar”, “Zakovat”, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Men ham harbiy bo‘laman”, “Yosh chegarachi”,“ Yosh gvardiyachilar”, “ Yosh qutqaruvchilar”, “ Shunqorlar” kabi harbiy-sport musobaqalari, loyiha va tanlovlar o‘tkazildi.
Tadbir so‘nggida bir qator faol oliy ta’lim muassasalari yetakchilari, koordinatorlar, harbiy qism va boshqarmalari yetakchilari, yoshlar sardorlari va OAV vakillariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari