Yoshlar ishlari agentligi qoshida “Nazorat guruhi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi
Yoshlar ishlari agentligi tizimida murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, aholining ariza va shikoyatlariga sabab bo‘layotgan tizimli muammolarni tahlil qilish hamda ularni manzilli hal etish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda Yoshlar ishlari agentligi axborot xizmati rahbari Husniddin Isakov tomonidan murojaatlar bilan ishlash intizomini kuchaytirish, har bir masalaga mas’uliyat bilan yondashish hamda yoshlar va aholi muammolarini o‘z vaqtida ijobiy hal etish borasida belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, davlatimiz rahbari boshchiligida 2026-yil 13-mart kuni xalq murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilishga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini hamda Prezidentimizning joriy yil 1-apreldagi “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Yoshlar ishlari agentligi tizimida murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, aholining ariza va shikoyatlariga sabab bo‘layotgan tizimli muammolarni tahlil qilish va ularni manzilli hal etish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etildi.
Xususan, joriy yilning may oyidan boshlab Ishchi guruh tomonidan Yoshlar ishlari agentligi tizimida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni hamda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda belgilab berilgan talablarga rioya etish holati o‘rganilmoqda. Yoshlar murojaatlarini joyida hal etish uchun 8 ming 992 ta mahallada faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari orqali har bir mahalla–xonadon kesimida yoshlarning muammo va qiziqishlarini aniqlashga qaratilgan tizim yaratildi.
Jumladan, “Raqamli mahalla” tizimida mahalladagi yoshlar yetakchilari mahalla “yettiligi”ning eng faol a’zolaridan biri sifatida yoshlar bandligi, ijtimoiy himoyasi va iqtidorini qo‘llab-quvvatlash choralarini to‘liq raqamli shaklda amalga oshiradilar hamda mahalladagi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan barcha yoshlarning ijtimoiy ahvoli va qiziqishlari tizimga kiritiladi, ko‘makka muhtoj yoshlarga beriladigan ijtimoiy-iqtisodiy va moliyaviy yordamlar onlayn platforma orqali shaffof shaklda rasmiylashtirib boriladi.
Murojaat qilish jarayonida nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish hamda ularning murojaatlarini erkin qabul qilish maqsadida Agentlikning fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha 20 ga yaqin mas’ul xodimlari vazirlik va idoralar xodimlari uchun imo-ishora muloqoti va surdotarjimonlik ko‘nikmasini shakllantirish bo‘yicha kurslarda o‘qitildi. Hududlardagi barcha murojaatlar bilan ishlovchi mutaxassislar Yuristlar malakasini oshirish markazida “Davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi xodimlar malakasini oshirish” kurslarida o‘qitildi.
Shuningdek, yoshlardan kelayotgan murojaatlarga sun’iy intellekt orqali javob beradigan, 24/7 tartibda faoliyat yurituvchi 1093 raqamli “Call-markaz” doimiy faoliyat yuritib kelmoqda. Tizim murojaatlarni mustaqil qabul qiladi, mazmunini tahlil qiladi, tegishli javoblarni shakllantirib tezkor javob beradi hamda analitik hisobotlar yaratadi. Bu esa murojaatlar bilan ishlash tezligi, sifati va shaffofligini yangi bosqichga olib chiqadi.
Jumladan, 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida jami 29 273 ta, kunlik o‘rtacha 136 ta qo‘ng‘iroq qabul qilingan. Operatorlar tomonidan 2 041 ta qo‘ng‘iroqqa qayta aloqa orqali bog‘lanilgan. Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlar bilan alohida ishlash, ularning har tomonlama, to‘liq, xolis va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida joriy yilning 20-iyul sanasidan Yoshlar ishlari agentligi qoshida yangi institutsional tizim — “Nazorat guruhi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Agentlik direktori va o‘rinbosarlari tomonidan shaxsiy va sayyor qabullar muntazam tashkil etib kelinmoqda. Jumladan, 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida jami 48 nafar fuqaroning shaxsiy qabuli tashkil qilinib, taklif va muammolarining ijrosi ta’minlandi. Shuningdek, Agentlik direktori va o‘rinbosarlari tomonidan aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish hamda yoshlarning taklif va muammolarini joyiga chiqqan holda o‘rganish maqsadida respublikaning eng olis va chekka hududlarida jami 20 ta sayyor qabul tashkil etildi. Sayyor qabullarda ishtirok etgan 1 200 dan ortiq yoshdan jami 301 ta murojaat kelib tushdi. Joylarda hududiy rahbarlar tomonidan jami 102 ta tuman (shahar)da sayyor qabullar tashkil etilib, unda 10 mingdan oshiq yosh qamrab olindi.
2026-yilning o‘tgan davri mobaynida 11 785 ta murojaat qabul qilingan bo‘lib, ularning 3 671 tasi talabalarning to‘lov-kontrakt xarajatlari,1 659 tasi “Yoshlar daftari”ga kiritish, 1 244 tasi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni ish bilan ta’minlash, 838 tasi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga yordam ko‘rsatish, 733 tasi tadbirkorlik faoliyati uchun dasturlar asosida imtiyozli kreditlar, 643 tasi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning o‘quv kurs to‘lovlariga moddiy yordam, 641 tasi yoshlar faoliyatiga oid taklif, loyiha, tanlov, musobaqa, ta’lim grantlari va stipendiyalari, 622 tasi kompyuter va asbob-uskuna olish uchun subsidiya, 303 tasi haydovchilikka o‘qish va guvohnoma olish to‘lovlari, 272 tasi harbiy xizmat to‘lovlariga moddiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq murojaatlarni tashkil qiladi.
Sohaga oid masalalar joylarda o‘z yechimini topmagani tufayli O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi orqali Qashqadaryo viloyatidan 1 548 ta, Toshkent shahridan 1 074 ta, Andijon viloyatidan 1 069 ta, Surxondaryo viloyatidan 936 ta murojaat Yoshlar ishlari agentligiga kelib tushgan. Umuman olganda, Agentlik tizimiga yoshlar tomonidan bir qator manbalardan turli mavzularda kunlik murojaatlar yo‘llanib, ushbu murojaatlarning yechimi bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA