Yoshlar g‘oyaviy tahdidlarga qarshi
Toshkent davlat sharqshunoslik institutida yoshlarni yot g‘oyalar va salbiy axborotlar ta’siridan himoyalash masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Toshkent davlat sharqshunoslik institutida yoshlarni yot g‘oyalar va salbiy axborotlar ta’siridan himoyalash masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, “Yosh siyosatchilar klubi” a’zolari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati yetakchilari, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etdi.
Institut rektori A.Mannonov va boshqalar mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik tufayli barcha sohalar izchil taraqqiy etayotgani, bu aziz ne’matni asrash, qadrlash yoshlarning farzandlik burchi ekanini ta’kidladi.
– Dunyodagi ayrim g‘arazli kuchlarning o‘z manfaati yo‘lida yoshlar ongiga ta’sir o‘tkazishga urinayotgani barchamizdan ogoh va hushyor bo‘lishni talab etadi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Umaraliyev. – Prezidentimiz ta’kidlaganidek, g‘oyaga qarshi faqat g‘oya, fikrga qarshi fikr, jaholatga qarshi ma’rifat bilan bahsga kirishish mumkin.
Tadbirda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tizimi va internet tarmog‘idan samarali foydalanish, yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.