Yoshlar ekologik muammolarga yechim izlashmoqda
Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da “Eko-oromgoh–2025” dasturi doirasida “Ekologiya bilimdonlari” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan 14 ta jamoa 4 shart bo‘yicha bellashdi.
Tanlov ekologik bilimlar, iqlim o‘zgarishi, suv resurslarini tejash, chiqindilarni boshqarish kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha yoshlarning bilim va salohiyatini oshirishga qaratilgan.
“Tanlov doirasida yoshlarimizning ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, bioxilma-xillikni saqlash, umuman, dolzarb ekologik muammolar borasidagi bilimlari sinovdan o‘tkazildi” deydi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bo‘lim boshlig‘i — Zarina Abdullayeva.
“Quvonarlisi, har bir yosh avlod bu borada yetarlicha bilimga, ko‘nikmaga ega. Tanlov davomida biz murakkab deb hisoblagan savollarga ham to‘g‘ri va puxta javob berishdi, ekologik muammolar bo‘yicha bir qator ahamiyatli takliflarni ilgari surishdi”.
Birinchi shartda jamoalar o‘z hududlaridagi ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirishdi. Ikkinchi shart savol-javoblardan iborat bo‘lib, iqlim o‘zgarishi, chiqindi muammosi, suv tanqisligi, global isish, ozon qatlamining yemirilishi kabi mavzularni qamrab oldi. Yoshlar nafaqat bilimlari bilan, balki muammolarga yechim sifatida bildirgan g‘oya va fikrlari bilan ham ajralib turishdi.
Uchinchi shartda esa jamoalar chiqindilardan tayyorlangan foydali buyumlarni namoyish qilishdi. Xususan, Xorazm viloyati jamoasining eko-favvorasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakillarining shinalardan yasalgan buyumlari, yelim paketlardan tayyorlangan liboslar, Namangan viloyatining bolalar uchun mo‘ljallangan o‘yinchoqlari ishtirokchilar va hakamlar hay’atida iliq taassurot qoldirdi.
To‘rtinchi shartda har bir jamoa o‘z Kengashlari faoliyatini aks ettirgan videoroliklarini taqdim etishdi.
Tanlov yakunida Samarqand viloyati jamoasi g‘olib deb topildi. Xorazm viloyati ikkinchi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona viloyati jamoalari esa uchinchi o‘rinni egallashdi.
“Biz uchun eng muhimi – yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldik, bilimlarimizni yanada mustahkamladik” deydi, Samarqand viloyati ishtirokchisi, Yosh ekologlar harakati Kengashi raisi — Feruzjon Toshpo‘latov.
“Tanlov davomida boshqa jamoalar tajribasidan o‘rgandik, respublikadagi ekologik vaziyatlar bilan tanishdik. Eng muhimi, nafaqat o‘z hududimiz, balki butun mintaqani tashvishga solayotgan ekologik muammolar yechimi bo‘yicha rejalar belgilab oldik”.
Yoshlarning ekologik ongi va madaniyatini yuksaltirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni saralash va qayta ishlash, bioxilma-xillikni asrash, atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha xabardorligini oshirishda shu kabi tanlovlar muhim o‘rin tutadi.
Ekologiya vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni paytda “Eko-oromgoh–2025” ekologik ta’lim va ma’rifat dasturi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
M.Eshmirzayeva, O‘zA