Yoshlar bugunimiz va ertangi kunimiz davomchilari
Yurtimizda yoshlar uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochib berilmoqda. Ayniqsa, tezkorlik va jadallik bilan rivojlanib borayotgan dunyo mamlakatlari qatorida O‘zbekiston yoshlarining yetakchi o‘rinda bo‘lmog‘i, bu yo‘lda barcha birdek harakat qilishi lozimligi har bitta olib borilayotgan islohotda dasturilamal sifatida belgilab berilgan.
Xususan, Prezidentimizning joriy yilning 13 aprel kuni o‘tkazgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida ham yoshlarimizning kelajagi va ertasi yo‘lida izchil davom etayotgan jarayonlarda barcha tashkilot rahbariyu xodimlari mas’uliyat bilan yondashishi kerakligi aytib o‘tildi. Ushbu yig‘ilishda yoshlarning bandligi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida qator topshiriqlar va imkoniyatlar belgilab berildi.
Chunonchi, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlar va mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga haydovchilik guvohnomasini olish, bir oylik harbiy xizmatni o‘tash xarajatlari byudjetdan to‘lab berilishi qanchadan qancha yoshlarning orzu-istaklari ro‘yobi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Buning zamirida xalqimizning farzandlar taqdiriga befarq emasligini yana bir bor guvohi bo‘lamiz. Illo, o‘zingiz o‘ylang, o‘z ota-onasining mehridan mosuvo bo‘lgan, kattalarning gunohi, xatolariga javobgar bo‘lib, «Mehr uylari»da mungli ko‘zlari bilan boqib turgan bolalarimiz taqdiriga bugun davlatimiz bee’tibor emas. Ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashi, o‘z ezgu yo‘llarini tanlab olishida biz ko‘makdosh bo‘lishimiz lozim ekanligi har birimizga ulkan mas’uliyat yuklaydi.
«Bir million dasturchi» loyihasi doirasida sertifikat olgan yoshlarga kompyuterlar xaridi uchun «Mikrokreditbank», «Aloqabank» va «Xalq banki»dan imtiyozli kreditlarning ajratib berilishi – bu sohaga qiziquvchi yoshlarimizga yana bir qulaylik bo‘ldi. Endi ular xoh shahar xoh qishloq bo‘lsin o‘zlarining loyihalari uchun kerak bo‘ladigan texnikasi bor. Ular yangi O‘zbekistonga yangi takliflar, loyihalar kirita oladi. Kompyuterlashgan zamonda, albatta, har bir yoshda eng zamonaviy kompyuteri, bugun rivojlanayotgan O‘zbekistonda yoshlar uchun barcha imkoniyatlar bo‘lishi shart va lozim.
Ayni kunda, yurtimizda o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan yoshlarimiz talaygina. Xohlaymizmi, yo‘qmi, bu sohada bir qancha to‘siqlar mavjudligidan xabarimiz bor. Ayniqsa, muammolarga sabab bo‘layotgan ijara haqi, auksionga qo‘yilayotgan davlat mulklari kabilar yosh tadbirkorlarning muammosiga aylanmoqda. Bularni o‘rganib va tahlil qilib chiqqan davlatimiz rahbari yosh tadbirkorlarga yangi shart-sharoitlar eshigini ochib berdi.
Xususan, ijaraga bino olib biznesini boshlayotgan yoshlarga bir yillik ijara summasining 30 foizigacha qismi qoplab berilishi, xodimlari sonining kamida 70 foizi «Yoshlar daftari»ga kirgan yosh tadbirkorlarga davlat mulki auksionsiz ajratilishi va ulardan 5 yil davomida ijara haqi undirilmasligi, «Yoshlar daftari»ga kirgan 5 nafardan ortiq ishsiz bandligini ta’minlagan yosh tadbirkorlarga davlat mulki ijarasi uchun 50 foizgacha imtiyozlar berilishi fikrimiz isbotidir. Bu esa yurtimizdagi imkoniyatlardan hech bir yosh chetda qolib ketmasligidan dalolat beradi. Bugun bizga minglab, millionlab qarab turgan ko‘zlarning quyoshdek chaqnab turishida, biz suyanch va tayanch bo‘lmog‘imiz darkor.
Yoshlar – O‘zbekistonimizning kelajagi. Ular daho ajdodlarning munosib vorislari, yorug‘ osmonimizning so‘nmas yulduzlari, bugungi azim chinorlarning bag‘rida o‘sib-unayotgan barqaror nav-nihollardir. Shunday ekan, yoshlarimiz bunday sharoit va imkoniyatlardan oqilona foydalanib, yurtimizning, ona xalqimizning ertasi uchun kamarbasta bo‘lishga harakat qilishi shart. Zero, bir kun bu nihollar ham azim chinorlar safidan o‘rin oladi.
Jamshid Xodjayev,
O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi
Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i, Senator.