Yoshlar bilan muloqot qilish orqali muammolarga amaliy yechim topiladi
Poytaxtimizdagi “Kitob olami” majmuasida Toshkent shahar hokimligi hamda qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yoshlar va yoshlar yetakchilari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Ochiq muloqot davomida yoshlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim krediti olish hamda boshqa dolzarb masalalarga oid murojaat va takliflari tinglandi.
Har bir murojaat mas’ullar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqilib, ularning yechimi yuzasidan tegishli tashkilotlarga aniq vazifalar belgilab berildi. Ayrim masalalar esa muloqot davomida joyida hal etildi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, bu kabi ochiq muloqotlar yoshlarni o‘ylantirayotgan masalalarni bevosita o‘rganish, ularning tashabbus va takliflarini qo‘llab-quvvatlash hamda mavjud muammolarga amaliy yechim topishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Chilonzor tumanida Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Shaxnoza Sultanova, Chilonzor tumani hokimining o‘rinbosari Tulaganova Gulnora hamda yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.

Uchrashuv davomida yoshlarning taklif va tashabbuslari, shuningdek, mavjud muammo va murojaatlari atroflicha muhokama qilindi. Ularni qo‘llab-quvvatlash, muammolariga amaliy yechim topish hamda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

Shu bilan birga, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, amaldagi davlat dasturlari va ulardan samarali foydalanish mexanizmlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
G.Boboyeva,O‘zA