“Yoshlar bandligi haftaligi”
Sirdaryo viloyati Guliston tumanida “Yoshlar bandligi haftaligi” tadbiri oʻtkazilmoqda.
Sirdaryo viloyati Guliston tumanida “Yoshlar bandligi haftaligi” tadbiri oʻtkazilmoqda.
Joriy yilning 19-fevralidan boshlanib 26-fevraliga qadar davom etadigan haftalikda ishsiz yoshlar, kollej bitiruvchilari, band boʻlmagan uyushmagan yoshlar ishtirok etmoqda.
“Yoshlar bandligi haftaligi” ishtirokchilari dastlab ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Mili teks Sirdaryo” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona faoliyati bilan tanishdi.
Band boʻlmagan yoshlar ushbu maqsadli sayohati davomida korxonaning ishlab chiqarish turi, mehnat sharoitlari va muhofazasi, ijtimoiy himoyalash tizimi haqida batafsil maʼlumotga ega boʻldi.
Yaqinda ishga tushirilishi rejalashtirilgan “Mili teks Sirdaryo” masʼuliyati cheklangan jamiyati 33 million AQSH dollari, shundan 16 million 500 ming AQSH dollari “Milliy bank” kredit mablagʻlari hisobiga barpo etildi. Ushbu loyiha ishga tushirilgach 400 nafar Guliston tumanidagi yoshlar, asosan, xotin-qizlar doimiy ish bilan taʼminlanadi.
Ushbu korxonada ishlash istagini bildirgan yoshlar roʻyxati shakllantirildi.
– Ushbu dasturni ishlab chiqish va amalga tatbiq etishimizdan koʻzlangan asosiy maqsad – tumanda ishga tushirilayotgan yangi sanoat korxonalariga yoshlarni ishga joylashtirish, ularning bandligini taʼminlashdan iborat, – deydi viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish, maʼnaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Otabek Nosirov. – Joriy yilning 19-26-fevral kunlari “Yoshlar bandligi haftaligi” doirasida oʻtkazilayotgan tadbirlar dasturi ijrosini Guliston tumanida namuna sifatida boshladik. Bunday haftaliklarni viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida amalga oshirishni rejalashtirganmiz. “Yoshlar bandligi haftaligi” dasturi ijrosi viloyatimizda yil davomida bosqichma-bosqich davom etadi.
“Yoshlar bandligi haftaligi” dasturi ijrosi doirasida ishsiz yoshlar tumandagi Baxmal mahallasida yashovchi Ashirali Jabborovning 7 sotixli issiqxonasi, Raʼno Najmiddinova xonadonidagi kasanachilik, Ishonch mahallasidan Odina Egamova tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik, Sohil mahallasida istiqomat qiluvchi Davron Begimqulov tomonidan tashkil etilgan eshik-romlari, Dexqonobod shaharchasidagi yosh tadbirkor Jamshid Gʻafurovning selofan ishlab chiqarish sexlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
– Xalqimizda, bekorchidan xudo bezor, degan ajoyib maqol bor, – deydi Otabek Nosirov. – Yoshlarimizga qancha tadbirkorlik ruhini singdirsak, kichik biznesga kengroq jalb etsak, shuncha ishlab chiqarish koʻpayib, halol raqobat yuzaga keladi. Bu bilan yangi-yangi firmalar, oilaviy kichik korxonalar tashkil topadi. Joylarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi, miqdori va sifati ortadi. Eng muhimi – yoshlarimizning bandlik darajasi va iqtisodiyotimiz yuksaladi. Ish bilan taʼminlangan har bir yoshimizning dasturxoniga qut-baraka qoʻnadi.
Shuningdek, haftalik davomida Guliston tumani ish bilan band boʻlmagan yoshlari har bir mahalla kesimida oilaviy tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan xonadonlarga ham sayohat uyushtirildi.
Haftalik ishtirokchilarida ayniqsa, tengqurlari, Sharq haqiqati mahallasida yashovchi Pokiza Mirzayevaning xonadonida tashkil etilgan tuyaqush va parrandachilik yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan oilaviy firma, Beshbuloq qishloq fuqarolar yigʻinilik Ilyos Kenjayev tomonidan tashkil etilgan oilaviy limonariya, Soyibobod QFYda yashovchi Dilshod Noʻmonovning baliqchilik xoʻjaligi faoliyatlari bilan yaqindan tanishishlari juda ulkan taassurot qoldirdi.
– Qoʻlida hunari, kasbi boʻla turib, uyida uzu kun bekor yotishdan yomoni yoʻq, – deydi viloyat hokimi oʻrinbosari Otabek Nosirov. – Lekin binoyidek hunari boʻlib, ish boshlay olmay, ozgina maʼnaviy va moddiy koʻmakka zarurati boʻlgan yoshlarni aniqlash, ushbu tadbirimiz tufayli oldimizga qoʻygan maqsadlarimizdan yana biridir. Yoshlarimizni har taraflama qoʻllab-quvvatlash maqsadida tuman aholi bandligiga koʻmaklashish markazi, tijorat banklari tuman filiallarining vakillari hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi faollarining biriktirilib birgalikda mahallalarda yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish boʻyicha uyma-uy yurilib, targʻibot tadbirlarini tashkil etilayotgani haftalik oʻtayotgan qisqagina muddat davomida oʻzining ijobiy samaralarini berayotir.
Darhaqiqat, tumandagi 25 ta mahallada “Har bir oila tadbirkor” hamda “Namunali yosh tadbirkor” loyihasi doirasida haftalik davomida 25 nafar ishsiz yoshga bank kredit mablagʻlari ajratishi rejalashtirildi.
Guliston tumanida “Yoshlar bandligi haftaligi” tadbiri davom etmoqda.